Bitiruvchilarning bandligi ta’minlanadi
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning mazkur oliy o‘quv yurti bitiruvchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik hamda institut mas’ullari, hududiy bo‘linmalar, bitiruvchi talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ta’lim sohasida kechayotgan yangilanish jarayonlari pedagog kadrlarning kasbiy malakasi, salohiyati, mahorati, bilimiga, o‘z ishiga fidoyilik va sadoqat bilan yondashuviga bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi.
Muloqot davomida e’tirof etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimizda yoshlarga oliy ta’lim olish uchun keng imkoniyatlar yaratilgani sababli oliy ta’lim maskanlari soni 2,5 barobarga ortib, 210 taga yetdi. Oliy ta’limda raqobatni qo‘llab-quvvatlash va xususiy sektorni jalb etish orqali 30 ta xorijiy hamda 65 ta nodavlat oliy o‘quv dargohi tashkil etildi. Shu asosda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshirildi.
Har yili mamlakatimizda 200 ming nafardan ortiq yoshlar oliy ta’lim maskanini tugatib, mehnat bozoriga kirib keladi. Ularning bandligini ta’minlash, mutaxassisligidan kelib chiqib ish o‘rinlari yaratish ustuvor vazifalardan sanaladi.
Prezidentimiz rahbarligida joriy yilning 4 mart kuni bo‘lib o‘tgan oliy o‘quv yurti talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ishlash va qo‘shimcha daromad topishga ehtiyoji bor talabalarning bandligini ta’minlash muhim vazifalardan etib belgilangan.
Mazkur vazifani bajarish borasida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-17763]
Jumladan, 2022/2023 o‘quv yilida universitetni 5 ming 201 nafar talaba tamomladi. Ularning 4 ming 703 nafarining bandligi ta’minlandi. Bandligi ta’minlangan talabalarning 3 ming 197 nafari o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga qabul qilindi.
Joriy yilda universitetni 5 ming 108 nafar talaba tamomlamoqda. Ularning 625 nafari davlat grantlari asosida, 4 ming 483 nafari to‘lov-shartnoma asosida ta’lim olgan. Ushbu talabalar haqida to‘liq ma’lumotlar vazirlik orqali hududiy Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga yetkazilgan. Bu esa bitiruvchilarning mehnat bandligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova, Nosirjon Haydarov (suratlar), O‘zA