Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash – muhokama markazida
Respublikamizda ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Yoshlarimiz uchun yangi ish o‘rinlari ochish, ularning halol mehnat qilib, daromad topishi hamda ishga joylashishlari uchun bir qator imtiyozlar taqdim etilmoqda.
Shu bilan birga yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng targ‘ib qilish va ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasida ham aniq mexanizmlar yaratilgan.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida onlayn tarzda tashkil etilgan konferensiyada shular xususda so‘z bordi. Bunda onlayn bitiruvchilar yarmarkasi ham o‘tkazildi. Konferensiyada respublika bo‘yicha ishchi o‘rinlarini yaratib beruvchi tadbirkorlik sub’ektlari, xalq ta’limi vazirligi xodimlari, ta’lim muassasalari bitiruvchilari, olis hudud maktablari rahbarlari, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rahbariyati hamda talabalar qatnashdi.
Onlayn konferensiya davomida respublikamizning chekka hududlaridagi ba’zi umumta’lim maktablarida chet tillari o‘qituvchilari yetishmasligi haligacha saqlanib qolingani aytildi. Bu bo‘yicha ishlash istagini bildirganlar uchun kerakli manzil va ko‘rsatmalar berildi. 
Prezidentimizning 2021 yil 11 yanvardagi “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 martdan ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilingan.
Olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlarda oliy ma’lumotli mutaxassisga bo‘lgan ehtiyoj bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari yuzasidan ma’lumotlar rasmiy veb-saytlarda joylashtirib boriladi. Joylarda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularni chekka hududlarda joylashgan, oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj mavjud bo‘lgan byuudjet tashkilotlariga ishga jalb etish, shuningdek, yosh mutaxassislarga faoliyat yuritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralari ko‘rilgan.
Konferensiyada bitiruvchilarni ishga jalb qilishdagi masalalar atroflicha muhokama etildi, tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
M.A’zamova,
O‘zDJTU talabasi