Bitiruvchilarga ish taklif etildi
Samarqand davlat chet tillar institutida o‘tkazilgan “Karera kuni” doirasida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Yarmarkada Samarqand viloyatidagi 100 dan ortiq korxona va tashkilot, jumladan, maktabgacha va maktab ta’limi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalarining tuman (shahar) bo‘limlari, “Siyob Group” holdingi, “ADM Jizzax”, “SamAvto” qo‘shma korxonalari, xususiy o‘quv markazlari, IT Park rezidentlari, turizm va sayyohlik kompaniyalari boshqa ish beruvchi sub’ektlar ishtirok etdi. Ular o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda ehtiyoj sezilayotgan mutaxassisliklar haqida ma’lumot berib, bitiruvchilarni ishga taklif qildi.
[gallery-29116]
Ish beruvchilar tomonidan 1000 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi va 295 nafar bitiruvchi dastlabki shartnomalarni imzolashga erishdi. Shuningdek, “Kelajak” markazlari vakansiyalari bo‘yicha tanlovda ishtirok etish uchun 200 ga yaqin bitiruvchi ro‘yxatdan o‘tdi.
Tadbir davomida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida imtiyozli kredit olgan bitiruvchilarga vaucherlar topshirildi.
Institut rahbariyatining ma’lum qilishicha, 2025-2026 o‘quv yilida mazkur o‘quv dargohini 2421 nafar talaba bitirmoqda. Ularning asosiy qismi ta’lim muassasalarida va sayyohlik sohasida faoliyat boshlash niyatida.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari