Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Oq yo‘l sizga, bitiruvchi!” tadbiri o‘tkazildi. Unda bakalavr ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilari, ularning ota-onalari, professor-o‘qituvchilar, pedagog xodimlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenesbay Karimov, nuroniy ustoz Begdulla Sultanov so‘zga chiqib, barcha bitiruvchi yoshlarni tabrikladi va kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
[gallery-24167]
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan fan doktori ilmiy darajalari hamda professor, dotsent ilmiy unvonlari tasdiqlangan professor-o‘qituvchilarga diplom hamda attestatlar topshirildi.
Ta’kidlash joizki, yakunlanayotgan joriy o‘quv yilida Nukus davlat pedagogika institutini bakalavriatning kunduzgi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 2 ming 100 nafar, sirtqi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 2 ming 181 nafar talaba, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 144 nafar magistrant tamomladi. Ular orasidan minglab talaba-yoshlar tegishli ish beruvchilar bilan uch tomonlama shartnomalar tuzish orqali ish o‘rinlariga yo‘llanmalar oldi.
Tadbirda bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilariga diplomlar topshirildi. O‘quv yili davomida ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa yo‘nalishlarda katta natijalarga erishgan, shu bilan birga, turli respublika va xalqaro tanlovlar, fan olimpiadalari, institut miqyosida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari va ularning ota-onalariga sovg‘alar, tashakkurnoma va faxriy yorliqlar topshirildi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA