Bitiruvchilar ustozlarni yod etdi
“Qorako‘lcha o‘qitish modeli” ga o‘tgan asrning 90 yillari va XXI asrning boshlarida Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida To‘xtamurod Jumayev tomonidan asos solindi.
O‘tgan yillar davomida mazkur o‘qitish uslubi o‘z samarasini berdi. Buni har yili Qorako‘l tumaniga o‘qish uchun Respublikamizning turli hududlaridan 2 mingdan ortiq o‘quvchi kelib tahsil olayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani talim tizimida so‘nggi yillarda tub islohotlar amalga oshirildi. Qorako‘l tumanidagi 1-son ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internati Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-son Qorako‘l akademik litseyiga aylantirildi va yangi binoda ish boshladi.

Oxirgi besh yillikda Respublika fan olimpiadalarida 5 nafar o‘quvchi diplomlar sovrindori, matematika, fizika, kimyo fanlaridan xalqaro va jahon olimpiadasida 21 nafar o‘quvchi g‘olib bo‘ldi. 1 ta oltin, 7 ta kumush, 13 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Buxoro viloyati Qorako‘l akademik litseyida o‘tkazilgan tadbirda shular haqida so‘z bordi. Unda 2006 yilda litseyni tamomlagan bitiruvchilar ishtirok etdi. Ustozlar yod etildi. Litseyda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Qorako‘l tumani deganda birinchi navbatda har bir kishining ko‘z o‘ngida “Qorako‘l matematika maktabi” gavdalanadi. Ushbu maktabni tashkil etib, dunyoga tanitgan, ming-minglab ziyolilarni tarbiyalagan matematika maktabi asoschisi — “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi To‘xtamurod Jumayev yodi xotirlanadi.
Sobiq o‘quvchilar tomonidan o‘tgan ustozlar xotirasiga bag‘ishlab ehson dasturxoni yozildi.

– Ustozni eslaganda ko‘z o‘ngimizda yuksak fazilatlar egasi, ziyoli, bilimi va mehri oqar chashmadek to‘lib-toshgan inson gavdalanadi, – deydi Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimi Xurshid Jumayev. – Ustozning ilmga sadoqati, yosh avlodni tarbiyalash, ilmni nazariy va amaliy jihatdan o‘rgatish uslublari, bugungi mehnat faoliyatimiz va shaxsiy hayotimizda har qadamda as qotmoqda. Xuddi shunday bergan nasihatlari, qo‘llab-quvvatlashlari mangu qalbimizda qoladi.

Ushbu xayrli ishlarga viloyat 4-sektor rahbariyati bosh-qosh bo‘ldi. Tadbir davomida 5 ta tashabbus doirasida o‘quvchilar o‘rtasida turli musobaqalar tashkil etildi. Bellashuvlar yakunida faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA