Guliston davlat universitetida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida viloyatdagi hamkor tashkilotlar ishtirokida “Biznes-marafon” tadbiri tashkil etildi. Bu tadbir bitiruvchi talabalarni mehnat bozoridagi imkoniyatlar, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘mak va tadbirkorlikka oid amaliy bilimlar bilan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirni universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor Muhsin Xodjiyev ochib berdi. U o‘z so‘zida mazkur tashabbus yoshlarning kelajakda munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishi, shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yishi hamda jamiyatda faol fuqaro sifatida shakllanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.


Biznes-marafonda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Hakimov, Sirdaryo viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi mas’uli Boburmirzo Xo‘jamqulov, Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sohiba Mamanazarova, Yoshlar ishlari agentligi bosh mutaxassisi Fahriddin Mirzamahamedov hamda tadbirkor, “Intellekt” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari Aziza Doniyorova va boshqa ishbilarmonlar ishtirok etdi.


Tadbir ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Universitetning bitiruvchi talabalari “Kelajakka qadam” dasturi doirasidagi imtiyozli kreditlar, ishga joylashish imkoniyatlari, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda kasbiy rivojlanish masalalari yuzasidan mutaxassislardan atroflicha ma’lumot oldi.
“Biznes-marafon” nafaqat nazariy bilim, balki hayotiy yo‘llanmalar berishda, yoshlarning o‘z imkoniyatlarini anglashlarida va kelajak rejalarini shakllantirishda amaliy ahamiyat kasb etdi. Tadbir yakunida talabalar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri