Bitiruvchilar, parvozingiz yuksak va bexatar bo‘lsin!
“Yangi O‘zbekiston” bog‘i yurtimizga tashrif buyuradigan martabali mehmonlarning muqaddas qadamjoyiga aylangan.
Shuningdek, mamlakatimiz hayotidagi unutilmas voqealar, tantanali tadbirlarning hayajonli lahzalariga ham ana shu muazzam bog‘ – shohid. Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali ilk bitiruvchilarining bitiruv va qasamyod marosimi ham xuddi ana shu bog‘da bo‘lib o‘tdi.

– Bundan uch yil oldin Prezidentimizning 2019 yil 7 fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsiziligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bo‘linmalari uchun huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida oliy yuridik ma’lumotli kadrlar tayyorlaydigan Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi – deydi filial direktori, yuridik fanlar doktori, professor Abrorjon Otajonov.
Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Haqiqatan ham Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ko‘zlangan maqsadlarga erishishda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida zamonaviy ilm sirlarini egallagan, teran fikrlaydigan va yangicha dunyoqarash sohibi bo‘lgan kadrlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.
– Filialimizda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash” soha mutaxassisligi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida bakalavriatning maxsus uch yillik dasturi bo‘yicha yiliga 255 nafar qabul kvotasi bo‘yicha davlat grantlari asosida yuridik kadrlar tayyorlanadi, – deydi A.Otajonov. – bugungi kunda filialda 848 nafar talaba tahsil olmoqda. Qayta tayyorlash kurslarida jami 50 nafar tinglovchi tahsil olayotgan bo‘lib, ularning 45 nafarini ichki ishlar organlari, 5 nafarini Milliy gvardiya tuzilmalari xodimlari tashkil etadi.
O‘tgan davr mobaynida talabalarda ta’lim berishning modul tizimi asosida yurisprudensiya sohasida bazaviy va amaliy kasbiy tayyorgarlik shakillandi, o‘quv jarayoni nazariy tayyorgarlikning huquqni qo‘llash faoliyati bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga qaratilgan zamonaviy usullar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida olib borildi. Talabalarning psixologik tayyorgarligi, huquqiy, siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishning samarali tizimi joriy etildi.
Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan 233 nafar bitiruvchiga, Milliy gvardiya qo‘mondonining tegishli buyrug‘iga asosan 3 nafar bitiruvchiga “leytenant” maxsus unvoni berildi. Filialning 10 nafar bitiruvchisi belgilangan ta’lim dasturini a’lo baholar bilan yakunlab, imtiyozli diplom olish huquqiga ega bo‘ldi.

Tantanali tadbir harbiy orkestrning musiqa sadolari ostida ulug‘vor ko‘tarinkilik bilan o‘tdi. Adliya, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya va boshqa vazirlik hamda idoralardan kelgan mehmonlar, keng jamoatchilik va bitiruvchilarning ota-onalari ilk qaldirg‘ochlarni tabrikladi.
Joriy yilda 261 nafar oliy yuridik ma’lumotli bitiruvchi o‘qishni tamomlab, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida profilaktika inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshlaydi.
Bitiruvchilar xizmatga kirish oldidan tantanali qasamyod qabul qildi. Har bir bitiruvchiga filialda o‘qishni tamomlaganligi haqida “ko‘krak nishoni” topshirildi. Birinchi bitiruvchilarning “Vatanimga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qilaman...” degan so‘zlari har gal jaranglaganda, Vatanga fidoiy yoshlarning qat’iyatidan to‘planganlarning qalbi iftixorga to‘ldi.
– Bugun men va men kabi maydonda saf tortib turgan tengdoshlarim uchun nihoyatda quvonchli kun, – deydi Anvar Halimov. – Biz shu oliygohning birinchi bitiruvchilari ekanligimizdan faxrlanamiz. Kelgusida Ona Vatanimizga sadoqat va halollik bilan xizmat qilib, xalqimiz osoyishtaligi va farovonligini ta’minlashda bilim
va ko‘nikmalarimizni, bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishga tayyormiz. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilinib, “leytenant” maxsus unvonini olganimiz kelgusida o‘z kasbimizga munosib bo‘lishga, chinakam xalqparvar xodim sifatida fuqarolarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga poydevor bo‘lishi aniq. Yurtboshimizning “Odamlar ichki ishlar organlarining har bir xodimida o‘z himoyachisini ko‘rishi kerak” degan da’vatlarini doim yodda tutamiz. Ichki ishlar organlari xodimi degan yuksak nomga munosib bo‘lishga, Vatanimizga va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishga va’da beramiz!

Ota-onalar uchun farzandining kamolini ko‘rishdan ortiq baxt yo‘q. Ota-onalarning qalbi g‘ururga to‘lgangan lahzalarning guvohi bo‘lish juda yoqimli. Navqiron yigit-qizlarning mustaqil hayotga qo‘yayotgan qadamida sharaf va o‘ziga yarasha yuksak mas’uliyat, zalvorli yuk borligini ham eng avvalo, ota-onalarning yuragi his etadi.
– Bugun judayam baxtiyorman. Safda viqor bilan turgan farzandimning qaddi bastiga qarab, chehrasidagi quvonchni ko‘rib qalbim g‘ururga to‘ldi. O‘g‘lim Rasuljonning har bir yutug‘i men uchun katta mukofot, – deydi Zamira Shonazarova. – Jonajon O‘zbekistonimiz va muhtaram Prezidentimizga sadoqat bilan xizmat qilishga tayyor bo‘lgan farzandning onasi ekanligimdan faxrlanaman. Buning zamirida aziz ustoz-murabbiylarning, filial rahbariyati va jamoasining mashaqqatli mehnati borligini hamda mas’ul vazirliklarning amaliy yordamini alohida e’tirof etmoqchiman.
Marusa HOSILOVA, O‘zA