Samarqandda viloyatdagi texnikumlar bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi ish beruvchi korxona va tashkilotlar vakillari ishtirokida ko‘rgazmali imtihon shaklida o‘tkazilishi munosabati bilan respublika seminari tashkil etildi.
Seminarda viloyatlar oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmalari boshliqlari, respublikamizning turli hududlaridan kelgan 60 nafardan ortiq texnikum direktorlari, Samarqand viloyatdagi boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, ish beruvchi korxona va tashkilotlar hamda 57 ta kasbiy ta’lim muassasasi direktorlari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov, mazkur vazirlik professional ta’lim tizimini rivojlantirish departamenti boshlig‘i O‘.Alijonov yurtimizda kasbiy ta’limda xalqaro talablarga javob beradigan kadrlar tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar va uning samaralari haqida so‘z yuritib, bitiruvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasidan ish beruvchilar oldida o‘tishi ularning kasb ko‘nikmasani qanchalik puxta egallaganini ko‘rsatib berishini ta’kidladi.
– Bugungi kunda kasbiy ta’lim tashkilotlari oldida turgan eng muhim vazifalardan biri – mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh, bilimli va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashdir, – deydi Samarqand viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i A.Nasimov. – Bu jarayonda bitiruvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasini samarali tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Chunki yakuniy davlat attestatsiyasi o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini baholash, ularning kelgusi mehnat faoliyatiga tayyorligini aniqlashning asosiy mezoni hisoblanadi. Shu ma’noda texnikum bitiruvchilarining qobiliyati va intilishlarini rivojlantirish, kasbiy mahoratlarini oshirishga keng imkoniyatlar yaratish hamda korxona, tashkilot, muassasa va tadbirkorlik sub’ektlariga texnikumlarda tayyorlanayotgan o‘rta bo‘g‘in kadrlarning kasb mahoratini ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari oldida namoyish etish seminarning bosh maqsadidir.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 16 oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Samarqand viloyatidagi 69 ta kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar optimallashtirilib, ularning negizida milliy malaka ramkasining 3, 4, 5 darajalar bo‘yicha kadr tayyorlaydigan yagona 57 ta kasbiy ta’lim tashkiloti qayta tashkil etildi.
[gallery-24032]
Mazkur kasbiy ta’lim tashkilotlarida 135 ta, jumladan, kasb-hunar maktablarida 48 ta, kollejlarda 11 ta, texnikumlarda 76 ta kasb o‘rgatiladi. Shuningdek, viloyatdagi 54 ta kasbiy ta’lim tashkilotida dual ta’lim tashkil yetilgan bo‘lib, 564 ta korxona va tashkilot bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
2024/2025 o‘quv yilida viloyatdagi kasbiy ta’lim muassasalarini 18 ming 473 nafar o‘quvchi bitirmoqda. Transport, tibbiyot, sanoat, pedagogika, arxitektura va qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar uchun o‘rta bo‘g‘in kadrlari bo‘lgan bu yoshlar viloyatdagi 3139 ta korxona va tashkilotga biriktirilib, ushbu tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tadi.
Yakuniy davlat attestatsiyasini ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari ko‘z o‘ngida amaliy imtihon shaklida o‘tkazish jarayonida 2000 nafarga yaqin bitiruvchi kelgusida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha aniq ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari