Bitiruvchilar “Asaka Motors” zavodida ish boshlaydi
Sirdaryo politexnikumining “Avtomobil dvigatellarini tashxislash va ta’mirlash” yo‘nalishini bitirgan 30 nafar yosh mutaxassisga diplom va ishga yo‘llanmalar topshirildi.
Bitiruvchilar tumandagi yuk va yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan transport vositalarini yig‘ishga ixtisoslashgan “Asaka Motors” avtozavodida ish boshlaydi.
Diplom topshirish tadbirida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.
– Mamlakatimizda yoshlarni ta’lim bilan qamrab olish, ularning zamonaviy kasblarga ega bo‘lishi va ishga joylashishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda, – dedi E.Turdimov. – Bu davlatimiz rahbari olib borayotgan yoshlar siyosati samarasidir. Sizlar mazkur ta’lim yo‘nalishining ilk bitiruvchilarisiz. Quvonarlisi, faqat diplom emas, balki aniq ish o‘rniga ega bo‘lib, hayotga qadam qo‘yyapsiz. Endilikda yurt ravnaqi, Sirdaryoda avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shasizlar.
Tadbir doirasida ta’lim jarayonining ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘liqligi, kadrlar tayyorlashda amaliy mashg‘ulotlarning ahamiyati alohida qayd etildi. Bitiruvchilar ta’lim jarayonida nazariy bilimlar bilan bir qatorda, “Asaka Motors” avtozavodida ishlab chiqarish amaliyotini ham o‘tashdi. Bu esa ularning kasbiy mahorat va tayyorgarlik darajasini oshirishga xizmat qildi.
– Davlatimiz rahbarining bizga bildirgan ishonchini oqlash — asosiy vazifamiz. Sirdaryoda ham yuksak texnologiyalarga asoslangan, jahon standartlariga mos avtomobillar ishlab chiqarish uchun bor bilim va kuchimizni safarbar etamiz, — deydi bitiruvchilardan biri Azizbek Rahmatov.
Ushbu yo‘nalishdagi amaliy tajriba o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ayniqsa, o‘quvchilarni ishlab chiqarish muhitida o‘qitish, ularni real sektor ehtiyojlariga mos ravishda tayyorlash ta’lim tizimining muhim ustuvor yo‘nalishiga aylangan.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri