Bitiruvchi yoshlar aniq maqsad va ish joyiga ega
Ayni paytda Farg‘ona viloyatida 76 ta professional ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu ta’lim dargohlarida 165 ta kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha 51 ming nafardan ziyod kelajagimiz vorislari ta’lim-tarbiya olayotir. 2024-2025 o‘quv yilida viloyatda umumta’lim maktabi 9-sinf bitiruvchilarining qariyb 11 ming nafarini kasb-hunar maktablariga jalb etish maqsad qilingan. O‘z navbatida 16 mingdan ko‘proq 11-sinfni tamomlayotgan yigit-qizlar kollej va texnikumlarga qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.
Ezgu maqsad yo‘lida bugungi kunda Farg‘ona viloyati oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi tomonidan barcha bilim maskanlarida belgilangan tartibda bitiruvchilarning davlat imtihonlari o‘tkazilmoqda. Xususan, viloyatdagi 9 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida 9 mingdan ziyod o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. 2023-2024 o‘quv yilida ushbu ta’lim muassasalarini 4519 nafar yosh tamomlayapti.

Abu Ali ibn Sino nomidagi Qo‘qon jamoat salomatligi institutida 6 ta yo‘nalishda o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari tayyorlanadi. Bu yerda nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlab borish uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Tibbiyot yo‘nalishida ixtisoslashgan oliy ta’lim, davlat va xususiy tibbiyot muassasalari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shu kunlarda bilim maskanining 1000 nafarga yaqin bitiruvchisi davlat imtihonlarini topshirmoqda.
– Malakali mutaxassislar tayyorlash jahonning ilg‘or ilm-fan yutuqlari, innovatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanilyapti, – deydi texnikum direktori O‘ktamxon Tojiyeva. – Bu bitiruvchilarning hayotda munosib o‘rin topishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Misol uchun, o‘tgan yili 1206 nafar yigit-qiz o‘qishni tamomlab, o‘qish davridayoq 583 nafarining bandligi ta’minlandi. Qariyb 200 nafari oliy tibbiyot muassasalariga o‘qishga kirdi.

Texnikumda Rossiya, Belarus ta’lim muassasalari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. “Ustoz-shogird” an’anasi bo‘yicha 80 nafardan ortiq o‘qituvchilar muntazam ravishda malakasini oshirib boradi. Ilmiy ishlar olib borayotgan, mavzuga oid qo‘llanma, kitoblari nashr etilayotgan ustozlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Joriy yilning 5 fevral kuni Prezidentimiz raisligida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida professional ta’lim muassasalarida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari tayyorlash davr talabi ekanligi qayd etildi. Bu borada ta’lim dargohida Germaniya bilan hamkorlikda nemis tili o‘qitish tizimi joriy etilgan. Hozirda texnikumning 14 nafar o‘quvchisi nemis tilidan xalqaro sertifikatlarga ega. Bu yoshlar kelgusida Germaniya tibbiyot muassasalarida ishlashni maqsad qilgan.

– Orzularim bir olam, – deydi Abu Ali ibn Sino nomidagi Qo‘qon jamoat salomatligi texnikumi bitiruvchisi Hidoyatxon Yusupova. – Shu maqsadda hamshiralik ishi yo‘nalishida qunt bilan bilim oldim. Yaqin kunlarda Qo‘qon shahar tibbiyot birlashmasida ish boshlash, kelgusida oliy ta’limda o‘qib, yetuk mutaxassis bo‘lish harakatidaman.
Muxtasar aytganda, bugun bitiruvchi o‘quvchiga tanlagan kasbiga mos yo‘nalishda mehnat qilish orqali hayotga tez va oson moslashish imkonini beruvchi tizim yaratilmoqda. Bu mehnat bozorida zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega raqobatbardosh kadrlarni shakllantirish, mehnat bozoriga yangi texnika hamda texnologiyalardan unumli foydalanadigan, bozor iqtisodiyoti sharoiti tamoyillariga mos yangi mutaxassislar avlodini yetkazib berishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
M. Sulaymonov,
O‘zA muxbiri