Bitiruvchi talabani ish bilan ta’minlash – muhim masala
Andijon davlat universiteti rektori, professor Akramjon Yuldashev universitetning fizika-matematika, biologiya, geografiya, kimyo yo‘nalishi bitiruvchi talabalari bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda universitet prorektorlari, buyurtmalar portfelini shakllantirish, bitiruvchilarni ishga taqsimlash va monitoring bo‘limi mutaxassislari, fakultet dekanlari hamda bitiruvchi talabalar ishtirok etdi. Unda o‘z sohasini puxta egallagan malakali mutaxassislar tayyorlash, bitiruvchi talabalarning bandligini ta’minlash masalalari, bu boradagi yutuq va mavjud muammolar muhokama qilindi.
Ma’lumki, mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, yosh mutaxassislarning samarali faoliyat olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Andijon davlat universitetida ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda rektor bitiruvchilarni ishga joylashtirish, kelgusida ular o‘z mutaxassisligi bo‘yicha malakali kadr bo‘lib yetishishi muhim ekanligini alohida ta’kidladi.
– Joriy yilda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha universitetimizni 3 ming 645 nafar talaba tamomlaydi, – deydi Andijon davlat universiteti rektori Akramjon Yuldashev. – Ularning amaliyoti, ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, ayni kunga qadar bitiruvchilarning 1 ming 200 nafari yoki 40 foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha viloyatdagi umumta’lim maktablari, korxona va tashkilotlarga ishga joylashib, faoliyat yuritmoqda.
Muloqot davomida talabalarning taklif, fikr va mulohazalari tinglandi. Ilmiy ish olib borayotgan, o‘quv markazi ochmoqchi hamda ishlash istagida bo‘lgan talabalarga ko‘maklashish bo‘yicha mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi. Muloqotda rektor bitiruvchi talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA