25 may kuni yurtimiz umumta’lim maktablarida so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari jarangladi. Dillarga o‘zgacha shukuh, qalblarga olam-olam hayajon solib, bir umr esda qoladigan ushbu tadbirni tartibli va mazmunli o‘tkazish uchun Toshkent viloyatining barcha ta’lim muassasalarida karantin qoidalariga rioya etgan holda tayyorgarlik ko‘rildi.
Toshkent viloyati hokimi D.Hidoyatov ham Nurafshon shahridagi 57-umumta’lim maktabidagi "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirida ishtirok etib, Prezidentimizning bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Qalblarga o‘zgacha hayajon ulashgan tadbir davomida bitiruvchilar ham o‘z taassurotlarini bayon qildi.

Joriy yil viloyatdagi umumta’lim maktablarining 11-sinfini 35 ming 871 nafar yigit-qiz bitirmoqda. Shuningdek, 9-sinfni 41 ming 960 nafar, 4-sinfni esa 53 ming 36 nafar o‘quvchi ta’limning keyingi bosqichiga o‘tadi.
Joylarda tashkil etilgan bayram tadbirlarida xavfsizlik va osoyishtalikni ta’minlash maqsadida viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda zaruriy choralar ko‘rildi.

Xususan, "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirlarida davlat rahbarining bitiruvchilarga yo‘llagan tarixiy tabrigini yetkazish va bitiruvchilarni qutlash uchun barcha maktablarga viloyat, tuman-shahar hokimi va o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari, viloyat deputatlari hamda mahalliy Kengash deputatlari to‘liq biriktirildi.
Abdulaziz Musayev,O‘zA