Bishkekda SHHT mamlakatlari energetika vazirlari yig‘ildi
Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar energetika vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirok etdi. Unda tomonlar mintaqaviy energetik hamkorlikni mustahkamlash, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, SHHT davlatlari o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, resurslardan samarali foydalanish hamda soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash kabi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Jo‘rabek Mirzamahmudov davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan SHHTga a’zo mamlakatlar Energetika konsorsiumini tashkil etish tashabbusiga alohida e’tibor qaratdi. Qayd etilishicha, mazkur tuzilma ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirish, energetik xavfsizlikni ta’minlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Tadbirda mazkur tashabbus bo‘yicha SHHTga a’zo davlatlar Energetika konsorsiumini tashkil etish konsepsiyasi loyihasi taqdim qilindi.
Shundan so‘ng konsorsiumni tashkil etish konsepsiyasi muhokama qilinib, uni birgalikda ishlab chiqish va takomillashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston tomoni Bishkek shahrida SHHTga a’zo davlatlar uchun energiya samaradorligi va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etishga ixtisoslashgan mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Uchrashuv mintaqaning gidroenergetika salohiyatidan oqilona foydalanish, energetik xavfsizlikni ta’minlash hamda barqaror taraqqiyotga xizmat qiluvchi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlandi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu yig‘ilish SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida energetika sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va mintaqaviy energetik xavfsizlikni ta’minlashda galdagi muhim qadamdir.
N.Ziyodullayeva,O‘zA