Bishkekda qirg‘iz-o‘zbek parlamentlararo komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Qirg‘iziston Jogorku Keneshi va O‘zbekiston Oliy Majlisi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo komissiyaning VI yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
“Kabar” axborot agentligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar mavjud aloqani kuchaytirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, hududlar aro va chegara oldi hududlari o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, shuningdek ta’lim, fan va madaniyat sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan.
Tadbirda so‘zga chiqqan Jogorku Keneshning O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha deputatlik do‘stlik guruhi rahbari Baktiyar Kalpayev yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni o‘zaro ishonch mustahkamlanishi muhim vositasi sifatida baholab shunday dedi:
– Parlament diplomatiyasini rivojlantirish – davr talabi. Ochiq va to‘liq shakldagi parlamentlararo muloqot Qirg‘iziston va O‘zbekiston, qolaversa xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro ramziy ko‘priklar qurishda yil sayin muhim o‘rin tutmoqda.
Jogorku Kenesh deputatlari Nilufar Alimjonova savdo-iqtisodiy aloqalar, Bolot Sag‘inaev ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi. Bunday aloqalar umumiy ishonchni mustahkamlab, uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratishi ta’kidlandi.
– Biz raqamli ta’lim resursi, elektron kutubxona va arxivni birga rivojlantirib, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va ommalashtirish uchun zamonaviy texnologiyadan foydalanishimiz zarur, – dedi Sag‘inayev. – Ayni yondashuv madaniyat va ta’lim sohasida izchil hamkorlik o‘rnatish imkonini yaratadi.
Deputat Adilet Belekov chegara oldi hududlardagi mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va doimiy aloqani yanada rivojlantirish masalasini o‘rtaga tashlab, O‘sh, Jalolobod va Botken viloyatlari bilan Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hamkorligini kuchaytirish lozimligi haqida gapirdi.
Yig‘ilishda Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, mazkur komissiya hamraisi Sodiq Safoev boshchiligidagi mamlakatimiz parlamenti delegatsiyasi ishtirok etdi.
A.Mamatov, O‘zA