Bishkek sammiti: SHHT taraqqiyotining yangi bosqichi va xalq diplomatiyasining ustuvor vazifalari
Bugungi kunda xalqaro munosabatlar tizimi chuqur transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Geosiyosiy raqobatning kuchayishi, xalqaro xavfsizlikka tahdidlarning yangi shakllari paydo bo‘lishi, jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi davlatlar oldiga yangicha yondashuvlarni talab qiladigan vazifalarni qo‘ymoqda.
Bunda Bishkek sammitining ahamiyati nechog‘lik muhim?
O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi bosh mutaxassisi Burxoniddin Akramov bilan suhbatda ushbu savolga javob izladik.

– Bugungi sharoitda o‘zaro ishonch, teng huquqlilik, manfaatlarni hurmat qilish, madaniyatlar va sivilizatsiyalar xilma-xilligini e’tirof etish hamda taraqqiyot uchun birgalikda mas’uliyatni zimmaga olish tamoyillariga asoslangan xalqaro hamkorlik mexanizmlarining ahamiyati yanada ortmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkiloti ana shunday mexanizmlardan biri sifatida o‘tgan chorak asr mobaynida Yevroosiyo makonidagi muhim ko‘p tomonlama hamkorlik institutlaridan biriga aylandi. Shu ma’noda, Bishkek sammiti sayyoramiz aholisining katta qismini, jahon energiya resurslari va Yevroosiyoning iqtisodiy salohiyatini qamrab olgan eng yirik Yevroosiyo birlashmasini ifodalovchi davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi uchrashuv maydoniga aylanish bilan birga, Tashkilot rivojlanishining keyingi bosqichini belgilovchi muhim siyosiy voqea sifatida katta ahamiyat kasb etadi.
Qirg‘izistonning 2025–2026-yillarda SHHTga raisligi doirasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ham Tashkilotning ko‘p qirrali xususiyatini aks ettiradi. Bishkek sammiti oldidan SHHT makonida o‘tkazilayotgan turli darajadagi uchrashuvlar, ekspert forumlari, tahliliy markazlar muloqotlari va madaniy-gumanitar tadbirlar sammitga tayyorgarlik faqat diplomatik darajada emas, balki keng jamoatchilik va ekspertlar ishtirokida olib borilayotganini ko‘rsatmoqda.
Hozirgi bosqichning asosiy xususiyati shundaki, dunyo xalqaro tizimni keng ko‘lamda qayta qurish davriga qadam qo‘ydi va o‘nlab yillar davomida to‘planib qolgan jarayonlar bugungi kunda ortga qaytmas tus olmoqda.
– Ayting-chi Burxoniddin aka, mazkur sammit tashkilot rivoji uchun qaysi jihati bilan muhim?
Bishkek sammiti nafaqat davlat rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi, balki butun Tashkilot rivojida muhim bosqich bo‘lishi mumkin. Yaqin yillarda Yevrosiyoning eng yirik birlashmasi rivojlanishining keyingi yo‘nalishi ko‘p jihatdan Qirg‘iziston poytaxtida qabul qilinadigan qarorlarga bog‘liq. Shu jihatdan Bishkek sammitidan asosiy kutilmalardan biri — SHHTning ulkan salohiyatini a’zo davlatlar aholisi manfaatlariga xizmat qiladigan aniq va amaliy loyihalarga yanada faol aylantirishdir. Boshqacha aytganda, Tashkilot taraqqiyotining keyingi bosqichida «SHHT davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik maydoni»dan xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik makoni»ga aylanishi ustuvor vazifalardan biri bo‘lishi lozim.
– Nega xalq diplomatiyasi bugun strategik ahamiyat kasb etmoqda?
– Zamonaviy diplomatiya tobora ko‘proq inson omiliga tayanmoqda. Davlatlar o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy bitimlarni imzolash mumkin. Ammo xalqlar o‘rtasida ishonch bo‘lmasa, bunday kelishuvlarning ijtimoiy poydevori yetarlicha mustahkam bo‘lmaydi. Aksincha, jamiyatlar bir-birini yaxshi bilsa, madaniyati va an’analarini hurmat qilsa, yoshlar o‘zaro muloqot qilsa, olimlar hamkorlikda tadqiqotlar olib borsa, jurnalistlar mamlakatlar haqida xolis axborot tarqatsa, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar ham mustahkam va barqaror bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan xalq diplomatiyasi rasmiy diplomatiyaga muqobil emas, balki uning tabiiy davomi va ijtimoiy tayanchidir. SHHT makonida esa bu masala alohida ahamiyatga ega. Tashkilot turli tarix, madaniyat, til va an’analarga ega davlatlarni birlashtiradi. Mazkur xilma-xillikni muammo emas, aksincha, umumiy taraqqiyot manbaiga aylantirish SHHTning eng katta imkoniyatlaridan biridir. Shu sababli Bishkek sammiti SHHT doirasida xalq diplomatiyasining institutsional va amaliy mexanizmlarini yanada kuchaytirish uchun yangi bosqichni boshlab berishi maqsadga muvofiq.
– Bu borada mamlakatimiz faolligi haqida nima deya olasiz?
– O‘zbekiston keyingi yillarda SHHT doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Ularning muhim xususiyati — mintaqada o‘zaro ishonchni mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik muhitini qaror toptirish, iqtisodiy bog‘liqlikni oshirish va xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirishga qaratilganidir. O‘zbekistonning tashqi siyosiy yondashuvida Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish ustuvor o‘rin egallaydi. So‘nggi yillarda mintaqada shakllangan yangi siyosiy muhit buning amaliy tasdig‘idir. O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarining bugungi yuqori darajasi ham mazkur jarayonning yorqin misolidir. Ikki davlat o‘rtasida savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, energetika hamda madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil kengayib bormoqda. Ayniqsa, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li kabi strategik loyihalar faqat transport infratuzilmasini rivojlantirish emas, balki mintaqalar va xalqlarni o‘zaro bog‘lash nuqtai nazaridan ham tarixiy ahamiyat kasb etadi. Chunki yo‘llar nafaqat tovarlarni, balki insonlarni, g‘oyalarni, madaniyatlarni va imkoniyatlarni ham bir-biriga bog‘laydi.
– Sammitda qanday yangi tashabbuslar ilgari surilishi kutilmoqda?
– SHHT rivojlanishining yangi bosqichida xalq diplomatiyasini alohida va tizimli hamkorlik mexanizmi sifatida shakllantirish vaqti keldi. «SHHT Xalq diplomatiyasi platformasi»ni tashkil etish istiqbolli tashabbus sifatida e’tirof etilmoqda. Ushbu platforma davlat tuzilmalari o‘rnini bosmaydi. Aksincha, u SHHT mamlakatlaridagi xalq diplomatiyasi markazlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, universitetlar, tahliliy markazlar, ommaviy axborot vositalari, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari, madaniyat va san’at vakillari o‘rtasidagi aloqalarni muvofiqlashtiruvchi keng jamoatchilik maydoni vazifasini bajarishi mumkin. Xususan, xavfsizlik, iqtisodiyot, ekologiya, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, migratsiya, transport va gumanitar hamkorlik sohalarida qo‘shma tadqiqotlar amalga oshirilishi muhim sanaladi.
– Axborot makonidagi ishonchsizlik va dezinformatsiya zamonaviy dunyoning jiddiy muammolaridan biriga aylangan bir sharoitda jurnalistlar va media tuzilmalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri professional aloqalarni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Bu borada nimalar kutilmoqda?
– Darhaqiqat, 2026-yil iyul oyida Bishkekda SHHT mamlakatlari media va tahliliy markazlari forumining o‘tkazilgani bu yo‘nalishdagi ehtiyoj va imkoniyatlar yuqori ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Shuning uchun SHHT mamlakatlari jurnalistlari uchun doimiy muloqot tarmog‘i, qo‘shma media loyihalar va yosh jurnalistlar dasturlarini tashkil etish maqsadga muvofiq. Bugun diplomatiya faqat uchrashuv zallarida emas, raqamli makonda ham amalga oshmoqda. Shu sababli SHHT xalqlarini, birinchi navbatda yoshlarni birlashtiruvchi ko‘p tilli raqamli platformalar, onlayn muloqot maydonlari, ta’lim resurslari va virtual madaniy loyihalarni yaratish istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi.
– Ushbu sammitда yana nimalarga e’tibor berish muhim deb hisoblaysiz?
– Bishkek sammiti oldidan yana bir muhim masalaga e’tibor qaratish lozim. SHHTning kelajakdagi nufuzi faqat uning geografik ko‘lami yoki ishtirokchi davlatlar soni bilan emas, balki qabul qilingan qarorlarning amaliy natijasi bilan belgilanadi. Shu bois Tashkilot faoliyatida «tashabbusdan — amaliy loyihaga, kelishuvdan — natijaga» tamoyilini yanada kuchaytirish muhim. Masalan, SHHT doirasida yoshlar almashinuvi bo‘yicha aniq dasturlar, universitetlararo hamkorlik tarmoqlari, turistik marshrutlar, madaniy festivallar, ilmiy grantlar, jamoat tashkilotlarining qo‘shma loyihalari va raqamli muloqot platformalarining soni ko‘payishi oddiy fuqarolar uchun Tashkilotning amaliy ahamiyatini oshiradi. Shunda SHHT inson hayotidan uzoq bo‘lgan xalqaro institut emas, balki odamlarga yangi imkoniyatlar yaratayotgan hamkorlik makoni sifatida qabul qilinadi.
– Mavzu yuzasidan o‘z xulosangiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
– Xulosa qilib aytganda, 2026-yilgi Bishkek sammiti SHHT tarixida ramziy ahamiyatga ega. Tashkilot o‘zining chorak asrlik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tib, yangi davr ostonasida turibdi. Endi asosiy masala — o‘tgan yillarda yaratilgan ulkan siyosiy, iqtisodiy va institutsional salohiyatni xalqlar farovonligiga xizmat qiladigan amaliy hamkorlik mexanizmlariga aylantirishdan iborat.
Tashkilotning kelgusi taraqqiyotida xalq diplomatiyasi strategik yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolishi lozim. Chunki SHHTning haqiqiy kuchi faqat davlatlarning hamkorligida emas, balki uning xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlikda namoyon bo‘ladi. Davlatlarni yaqinlashtirishdan xalqlarni yaqinlashtirishga, hamkorlikdan — hamjihatlikka, o‘zaro manfaatdan — umumiy kelajak sari harakat qilishga urg‘u qaratilsa, ayni muddao bo‘ladi.
Zero, SHHTning kelajagi faqat sammitlarda qabul qilinadigan qarorlar bilan emas, balki ushbu qarorlarni qo‘llab-quvvatlaydigan, ularning mohiyatini his qiladigan va o‘zaro hamkorlikning real ishtirokchisiga aylanadigan xalqlar bilan belgilanadi.
O‘zA muxbiri Sherbek Islomov suhbatlashdi.