Birodar shaharlar – xalq diplomatiyasining yangi bosqichi
Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim dastur sifatida e’tirof etilmoqda. Unda ochiqlik, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va xalq diplomatiyasini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Mazkur jarayonlarda birodar shaharlar instituti tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi bosh mutaxassisi Shoazim Mansurov bu haqda fikr yuritar ekan, bugungi sharoitda shaharlar o‘rtasidagi hamkorlik oddiy aloqalar doirasidan chiqib, xalqlar o‘rtasidagi ishonch va yaqinlikni mustahkamlaydigan kuchli vositaga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, globallashuv davrida shaharlar nafaqat iqtisodiy markaz, balki xalqaro munosabatlarning faol ishtirokchisi sifatida ham shakllanmoqda. Ayniqsa, birodar shaharlar tizimi xalq diplomatiyasini amalda ta’minlaydigan samarali mexanizm sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, O‘zbekiston oldiga 2030-yilga qadar birodar shaharlar sonini 150 taga yetkazishdek aniq vazifa qo‘yilgan. Mutasaddining qayd etishicha, bu ko‘rsatkich ortida katta mazmun mujassam — xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, madaniyatlar muloqotini kengaytirish va barqaror hamkorlik muhitini yaratish.
2026-yilda 22 ta xorijiy shahar bilan yangi aloqalar o‘rnatish rejalashtirilgani esa ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil va aniq reja asosida olib borilayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bugunning o‘zida uchta shahar bilan birodarlik aloqalari rasman yo‘lga qo‘yildi.
Shoazim Mansurov bu borada to‘xtalar ekan, mazkur kelishuvlar shunchaki ramziy hujjat emasligini, balki ular orqali qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish va hamkorlikni tizimli ravishda rivojlantirish ko‘zda tutilayotganini alohida ta’kidladi.
Uning aytishicha, bu yil Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Birodar shaharlar xalqaro forumi ushbu yo‘nalishdagi eng muhim qadamlardan biri bo‘ladi. Qayd etilishicha, bunday formatdagi tadbir O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilmoqda.
Forumda 50 ga yaqin xorijiy shaharlar rahbarlari va o‘nga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Bu esa shaharlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim platforma bo‘ladi.
Tadbir doirasida plenar yig‘ilishlar, mavzuli seksiyalar va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkaziladi. Shuningdek, hamkorlik shartnomalari imzolanishi, shaharlar imkoniyatlari taqdimoti kabi amaliy jarayonlar ham tashkil etiladi.
Mutaxassis fikricha, mazkur forumning eng muhim jihati — uning natijaga yo‘naltirilganidadir. Ya’ni, u faqat muloqot maydoni emas, balki aniq loyihalar va kelishuvlarga asos bo‘ladigan amaliy mexanizm.
Shu bilan birga, u xalqaro tajriba almashish orqali mahalliy shaharlarning boshqaruv salohiyatini oshirish, infratuzilmani takomillashtirish va yangi yondashuvlarni joriy etish imkonini ham berishi kutilmoqda.
Eng muhimi, bu jarayonlarning markazida inson va xalq manfaatlari turadi. Chunki birodar shaharlar — bu, avvalo, xalq diplomatiyasining amaliy ifodasi.
Madaniy almashinuvlar, qo‘shma festivallar, ta’lim va ijodiy loyihalar orqali xalqlar bir-biriga yaqinlashadi. Bu esa, o‘z navbatida turizm, madaniyat va ijtimoiy-gumanitar sohalar rivojiga kuchli turtki beradi.
N.Rahmonova,
O‘zA