Birodar shaharlar tarixi – fotosuratlarda
Samarqandda boshlangan Birodar shaharlar birinchi xalqaro forumi doirasida “O‘zbekistonning birodar shaharlari tarixi” nomli ko‘rgazma o‘tkazilmoqda.
Arxiv materiallari asosida yaratilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston shaharlari bilan xorijiy hamkor shaharlar o‘rtasida o‘rnatilgan birodarlik munosabatlarining shakllanish jarayoni, rivojlanish bosqichlari va erishilgan natijalar tarixiy manbalar asosida yoritilgan.
– Ekspozitsiyada arxiv hujjatlari, rasmiy kelishuvlar, memorandumlar, tarixiy suratlar, diplomatik yozishmalar va boshqa noyob manbalar namoyish etilib, shaharlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarining yillar davomida qanday rivojlanganligi aks ettirilgan, – deydi ekspert Otabek Alimardonov. – Bu orqali O‘zbekiston shaharlarining dunyoning turli mamlakatlari bilan o‘rnatgan madaniy-gumanitar, iqtisodiy aloqalari, amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar hamda xalq diplomatiyasi doirasidagi tashabbuslar haqida ma’lumot berilmoqda. Albatta, ko‘rgazmada o‘tgan asrga oid suratlar, tarixiy faktlarga keng o‘rin berilgan, lekin keyingi yillarda davlatimiz rahbarining faol tashqi siyosati natijasida ko‘plab davlatlardagi shaharlar bilan yurtimiz shaharlarining birodarlashuv munosabatlari rivojlanib bormoqda va bunga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayni paytda bu borada suratlar, faktlar to‘plash jarayonlari davom etmoqda va buning natijasida kelgusida ko‘rgazma yana ham boyitiladi.
[gallery-30550]
“O‘zbekistonning birodar shaharlari tarixi” ko‘rgazmasi mamlakatimiz shaharlarining xalqaro aloqalarini aks ettiruvchi muhim tarixiy platformaga aylanib, kelajak avlod uchun do‘stlik va hamkorlik an’analarini saqlash hamda rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari