Birlashsak yuksak marralarni zabt etamiz
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalqni rozi qilishdek ulug‘ maqsadlarni ko‘zlagan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Joriy yil 26 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga kelib, parlament va hukumat a’zolari, nuroniylar va faollar bilan uchrashib, o‘tgan ikki oy og‘ir sinovli bo‘lganligi, tinchlik qadri naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini tushunib yetib, bir-birimizga bo‘lgan mehrimiz oshdi va buni birlashib yengib o‘tayotganimizni alohida ta’kidlab o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev hududni rivojlantirishning 6 ta yo‘nalishida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan eng dolzarb muammoli masalalarni ko‘tarib chiqdi va uni amalga oshirish bo‘yicha bayonot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqtisodiyot tarmoqlarida innovatsion jarayonlarning jadallashuviga erishish, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va hududni jadal sur’atlarda rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Unda hududning investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, yoshlar bandligini ta’minlash, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, qulay agrobiznes muhiti, ta’lim sohasida qo‘shimcha imkoniyatlar va inson kapitali rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga shart-sharoit yaratish, ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish vazifalari bor.
Shu tariqa, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish uchun yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali 7 yil muddatga qarz mablag‘lari ajratiladi.
2022 yil 15 sentyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida istiqomat qilayotgan yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun temir yo‘l va aviayo‘lovchilar chiptalarini sotish 50 foizlik imtiyozli tariflar bo‘yicha amalga oshirish va qator soliq imtiyozlari belgilandi.
Albatta, ushbu farmon ijrosini ta’minlashda deputatlar faol bo‘lishi, xalqni rozi qilish yo‘lida birlashishi shart.
Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zolari yangicha tizimda ishlashni talab qiladi. Bunga bilim ham tajriba ham yetarli. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, faqat “Vatanni sevish kerak”, xolos.
Sharapat Otemisov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasiga Jo‘qorg‘i Kengesidagi O’zLiDeP fraksiyasi rahbari.
O‘zA