Bugun yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida birinchi qo‘ng‘iroq sadolari ostida yangi o‘quv yili boshlandi.
Joriy yilda Navoiy viloyatidagi 369 ta umumta’lim maktabda ham “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Bilimlar kuni” tadbirlari o‘tkazilib, 1-sinfga 21 ming 650 nafarga yaqin o‘quvchi qabul qilindi.
Viloyat hokimi Normat Tursunov Navoiy shahridagi 3-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi mustaqilligimiz bergan imkoniyatlar, yurtimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar samarasi, o‘qituvchilar uchun yaratib berilayotgan qulayliklar haqida to‘xtalib, o‘quvchilarga chuqur bilim olishga, yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida xizmat qiladigan farzandlar bo‘lib voyaga yetishlariga tilak bildirdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, viloyatda umumta’lim maktablarining infratuzilmasini yaxshilash maqsadida o‘tgan uch yilda 8 ta umumta’lim maktabi yangidan barpo etilgan bo‘lsa, 156 ta maktabda rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 498,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
O‘quvchi yoshlarning sifatli ta’lim olishlari uchun o‘tgan uch yilda 253 ta maktabning moddiy-texnik bazasi yaxshilanib, respublika va mahalliy byudjetning 31,4 milliard so‘m mablag‘lari hisobidan 3 ming dona kompyuter, 450 dona elektron doska, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 1,9 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 550 dona planshet olib berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 15 noyabrdagi “O‘quvchi yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq har bir tuman va shaharda 1 tadan “Jasorat maktabi” tashkil etildi.
Mazkur maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida mahalliy byudjetdan 1,4 milliard so‘m, 72 ta umumta’lim maktabining Chaqiruvga qadar boshlang‘ich sinf xonalarini jihozlash va zarur inventarlarni olib berish uchun esa 956 million so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, o‘quvchi-yoshlarning robototexnikaga yo‘nalishiga qiziqishlarini oshirish maqsadida viloyatning barcha hududlarida 1 tadan maktab tanlab olinib, “Muhandislik laboratoriya” xonalari tashkil etildi.
– Bu kabi ishlarning olib borilishi ta’lim sifatini yanada oshirish va o‘quvchilarga jahon andozalariga asoslangan holda bilim berilishida sezilmoqda, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova. – Jumladan, 2024/2025 o‘quv yilida 11-sinfni bitirigan 12 ming 794 nafar o‘quvchining 99,7 foizi hujjat topshirib, test sinovlarida ishtirok etishdi. Testda qatnashgan 12 ming 761 nafar o‘quvchining o‘rtacha bali 93,2 ballni tashkil etdi va bu ko‘rsatgich o‘tgan yilga nisbatan 6,8 ballga oshdi.
[gallery-25118]
Bitiruvchilarining 309 nafari muddatidan oldin talaba bo‘lishgan bo‘lsa, 71 nafari maksimal 189 ballni qo‘lga kiritishdi. Bu respublikada eng yaxshi ko‘rsatkich ekani qayd etildi.
Viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan tarbiyachi va pedagoglarning 71,3 foizi, ya’ni 14 ming 252 nafari turli toifaga egadirlar. Umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan 1870 nafar xorijiy til o‘qituvchilarining esa 619 nafarida B2, 1251 nafarida C1 sertifikatlari mavjud bo‘lib, bu ko‘rsatkich jami chet tili fani o‘qituvchilarining 87 foizni tashkil etmoqda.
Viloyatdagi barcha ta’lim muassasalariga qadam qo‘ygan birinchi sinf o‘quvchilariga o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” topshirildi va “Kelajak darslari” o‘tildi.
Abduvali Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbiri