Birgina SMS-kod bilan pul o‘g‘irlash endi oson emas
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan brifingda Markaziy bank “CERT-CBU” kiberxavfsizlik markazi direktorining o‘rinbosari Behzod Mamajonov bank kartalari va mobil ilovalar orqali sodir etiladigan firibgarliklarning oldini olish, fuqarolar mablag‘larini himoya qilish hamda shubhali operatsiyalarni aniqlash bo‘yicha joriy etilgan mexanizmlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda moliyaviy xizmatlarning raqamlashib borishi bilan bir qatorda internet orqali sodir etiladigan firibgarlik holatlari ham dolzarbligicha qolmoqda. Shu bois Markaziy bank tomonidan tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarida kiberxavflarni aniqlash, shubhali operatsiyalarni cheklash va moliyaviy tashkilotlar o‘rtasida tezkor axborot almashinuvini ta’minlashga qaratilgan bir qator himoya tizimlari joriy etilgan.
Jumladan, “Session Antifraud” mexanizmi foydalanuvchilarning mobil ilovadagi harakatlarini tahlil qilib, shubhali yoki yuqori xavfli holatlarni aniqlaydi. Agar xavf aniqlansa, foydalanuvchi ogohlantiriladi, zarur hollarda esa mobil ilova akkaunti vaqtincha cheklanishi mumkin. “Tranzaksion Antifraud” tizimi ham amalga oshirilayotgan pul o‘tkazmalarini tahlil qiladi va shubhali deb topilgan operatsiyalarni cheklash imkonini beradi.
Firibgarlikning oldini olishda “Telekom Antifraud” mexanizmi ham muhim ahamiyatga ega. U bank kartasini rasmiylashtirishda ko‘rsatilgan shaxsning JSHSHIR ma’lumotlarini SIM-karta rasmiylashtirilgan shaxsning ma’lumotlari bilan solishtiradi. Bu esa qo‘shimcha xavfsizlik tekshiruvini ta’minlaydi.
Shuning uchun firibgar bir martalik SMS yoki OTP-kodni qo‘lga kiritgan taqdirda ham, buning o‘zi pul o‘tkazmasini amalga oshirish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Qo‘shimcha tekshiruvlar shubhali operatsiyani aniqlash va uning oldini olishga yordam beradi.
Banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida zararli dasturlarni aniqlashga mo‘ljallangan SDK modulli antivirus himoyasi ham joriy qilingan. Agar foydalanuvchi telefonga rasmiy bo‘lmagan manbadan zararli APK-fayl o‘rnatsa, tizim bu xavfni aniqlab, uni ogohlantirishi va zarur hollarda ayrim operatsiyalarni vaqtincha cheklashi mumkin. Xavf bartaraf etilgandan so‘ng mobil ilovadan foydalanish tiklanadi.
Markaziy bank va Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida axborot almashinuvini ta’minlovchi “CardBlock” tizimi firibgarlik holatlariga tezkor chora ko‘rishga xizmat qiladi. Fuqaro firibgarlikka duch kelib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganida, tegishli ma’lumotlar tizimga kiritiladi. Bu shubhali kartalar va ular bilan bog‘liq mablag‘lar bo‘yicha zarur choralarni tezkor ko‘rish imkonini beradi.
Behzod Mamajonovning so‘zlariga ko‘ra, “InfoCards” platformasi orqali bloklangan bank kartalari, firibgarlikda foydalanilgan kartalar va firibgarlik ta’sirida rasmiylashtirilgan onlayn kreditlar haqidagi ma’lumotlar yuritiladi. MISP platformasi esa moliyaviy tashkilotlar o‘rtasida kiberxavflar va kiberhujumlar haqidagi ma’lumotlarni tezkor almashish imkonini beradi. Bu boshqa banklarni yangi tahdidlar haqida ogohlantirish va himoya choralarini kuchaytirishga yordam beradi.
–2026-yilning birinchi yarmida “Session Antifraud” tizimi orqali bir qator tijorat banklarida yuqori xavfli deb baholangan sessiyalar aniqlangan. Jumladan, Xalq bankida 2 221 403 ta holatda 186,7 milliard so‘mlik, TBC Bankda 93 215 ta holatda 175,5 milliard so‘mlik, Uzum Bankda 18 022 ta holatda 68,1 milliard so‘mlik yuqori xavfli sessiyalar qayd etilgan. Ipak Yo‘li Bankda esa 1 364 136 ta shunday holat aniqlangan.
Antivirus himoyasi orqali ham ko‘plab akkauntlar cheklangan va zararli dasturlar bilan bog‘liq xavflarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan. Masalan, Ipak Yo‘li Bankda 991 179 ta akkaunt cheklangan va 57 326 tasi tozalangan. “Agrobank”da 55 955 ta akkaunt cheklangan, 30 997 tasi tozalangan. TBC Bankda esa 29 154 ta akkaunt cheklangan va 18 181 tasi tozalangan.
Qayd etilgan ko‘rsatkichlar tizimlar orqali aniqlangan xavfli holatlar va ko‘rilgan choralarni ifodalaydi. Ular o‘z-o‘zidan shuncha miqdordagi mablag‘ o‘g‘irlanishining oldi olinganini anglatmaydi, –dedi u.
Umuman olganda, moliyaviy sektorda joriy etilayotgan kiberxavfsizlik mexanizmlari shubhali operatsiyalarni barvaqt aniqlash, fuqarolar mablag‘larini himoya qilish va firibgarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan. Shu bilan birga, raqamli xizmatlardan foydalanishda fuqarolarning shaxsiy ehtiyotkorligi ham muhim ahamiyatga ega.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA