"Birdan hamma yoq chaqnab, qattiq ovoz eshitildi"
Bugun erta tongdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan noxush xabarlar, ko‘ngilni xira qiladigan video va rasmlarni ko‘rib, hammamiz xavotirga tushib qoldik. Sergelida yuz bergan yong‘in oqibatida yaqin atrofdagi uy-joylar, bog‘cha va maktablar, dorixonayu do‘konlarga shikast yetgani, aholi vakillari ham turli darajada jarohat olgani haqidagi xabarlar yashin tezligida tarqaldi.
O‘zA muxbirlari “Quruvchilar” massivida bo‘lib, aholi vakillari bilan suhbatlashdi.
— Voqea joyiga juda yaqinmiz, — deydi Sergeli tumani Quruvchilar massivida yashovchi fuqaro D.Eshova. — Allohga shukr, yaxshimiz, shikast yetmadi. Ammo juda qo‘rqib ketdik. Haliyam qo‘rquvim bosilmayapti. Hammasi sekundlar ichida bo‘lib ketdi. Nima bo‘lganini tushunmay ham qoldik. Birdan hamma yoq chaqnab, yorug‘ bo‘lib ketdi, shunchalar qattiq ovoz ediki, “dom”imiz portladi deb o‘yladim. Yuragimning qo‘rquvini bosolmayapman.
Qizimni maktabga jo‘natishga ko‘chaga chiqsam, ko‘chalarda oyna va rom bo‘laklari, dorixonalarning oynalari to‘kilib, dorilar sochilib yotipti. Yaqinimizdagi maktab va bog‘chalarning ham oyna, eshiklari sinib tushgan, shuning uchun maktab va bog‘chalar yopildi. Qizim 7-massivdagi maktabga borgani uchun uni jo‘natdim. Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlarida joylashgan do‘konlar bir ahvolda, ko‘cha to‘la odam, tez yordam mashinalari, harbiylar odamlarga ko‘mak berishyapti. Tepamizdan tinimsiz vertolyotlar uchib o‘tyapti.
Shunaqa paytda hol so‘raganlar ham bir madad, dalda bo‘lyapti bizga. Jarohat olganlarga tezkorlik bilan yordam berishyapti, tibbiyot xodimlari uyma-uy kirib chiqishyapti. Hammasi ortda qoldi. Alloh asrasin hammamizni, — deydi suhbatdoshimiz.

Kutilmagan bu falokatdan hudud aholisi qo‘rquvga tushgani rost. Ayni paytda qutqaruv bo‘linmalari xodimlari tomonidan tezkor ishlar olib borilayapti. Tibbiyot xodimlari tomonidan jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilayapti. Hukumat komissiyasi voqea joyida tegishli chora-tadbirlarni olib borishayotgani hududdagi noxushliklarni bartaraf etish hamda aholiga dalda bo‘lishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zA sayti va ijtimoiy tarmoqlarida voqealar tafsilotlari haqida ma’lumotlar berib boriladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA