Bir yil muqaddam Afinadan yo‘lga chiqqan velosayyoh O‘zbekistonga keldi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da vengriyalik tadbirkor va velosayyoh Yojef Zeley bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Osiyo davlatlari bo‘ylab uchinchi bor veloturni amalga oshirayotgan Yojef Zeley O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, mamlakat velosport federatsiyasi mutasaddilari bilan muloqot qildi. Uchrashuv davomida mamlakatimizda sport, xususan, velosportni rivojlantirish va ommalashtirish masalalariga yuqori baho berdi.

"Velosayyoh – tinchlik elchisi" maqomiga ega Yojef Zeley “Olimpiya shaharchasi”dagi zamonaviy velodrom, sport inshootlari va sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Sportchi va murabbiylar, mutaxassislar bilan fikr almashdi. O‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Aytish lozimki, 1963-yilda tug‘ilgan Yojef Zeley 2004-yildan buyon besh qit’a bo‘ylab qariyb 100 ming kilometr masofani velosipedda bosib o‘tgan. Uning uchinchi veloturi 2025-yil 29-iyunda Afinadan boshlangan bo‘lib, safar davomida Osiyoning bir qator mamlakatlariga tashrif buyurishni rejalashtirgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA