Bir vatanning bir maqsadli farzandlarimiz
Xalqimiz duoga qo‘l ochsa, eng avvalo, Yaratgandan el-yurtga tinchlik so‘raydi. Bu bejiz emas. Chunki tinchlik bor joyda xotirjamlik, fayz-baraka, obodlik bo‘ladi.
Tinchliksiz insonga hech narsa tatimaydi. Shuni ham ta’kidlash joiz, xalqimiz qanday kunlarni boshdan o‘tkazmasin, doim ahillik va murosa yo‘lini tanlab kelgan. Bu xalq o‘zbek, qoraqalpoq, qirg‘iz, qozoq, tojik, turkman, rus, tatar va boshqa millat vakillaridan iboratki, ularning har biri vatanning aziz farzandlari, qadri ulug‘ fuqarolari. Ular orasida qoraqalpoqlar ko‘pki, o‘zbek va qoraqalpoq elining do‘stligi shu paytgacha o‘nlab asarlarda, adabiyotlarda o‘z e’tirofini topgan.
Qoraqalpoq xalqi bizga jon qadar yaqin. Bu xalqning mardligi, mehnatkashligi, soddadilligi, mehmondo‘stligi, birodarparvarligi hamisha hayratimizga sabab bo‘lgan. Endi o‘ylang, mana shunday xalq qo‘lidan yomonlik, buzg‘unchilik, qotillik kelishi mumkinmi? Aslo yo‘q! Mamlakatimizdagi har bir islohot va jarayon inson qadri va manfaatiga xizmat qilmoqda. Buni isbotlash shart emas. Hayotimizdagi yangiliklar, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashlar, bunyodkorliklar mana shu haqiqatni ayon etib turibdi.
So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ham hukumat e’tibori kuchaysa kuchaydiki, aslo susaygani yo‘q. Qoraqalpoq elining bu sa’y-harakatlardan minnatdorligiga ham guvoh bo‘lib turibmiz. Shunday ekan, bu el hech qachon buzg‘unchilikka bosh qo‘shmaydi. Qoraqalpog‘istondagi noxushliklar har birimizning ko‘nglimizga g‘ashlik soldi, xavotirga tushdik. Chunki chetdagi, yot maqsaddagi manfur kimsalar tala-to‘plarga sabab bo‘ldilar. Ularning maqsadi aslo qoraqalpoq xalqining niyatlariga hamohang emas, balki mamlakatdagi tinchlikka putur yetkazish, notinchlik va qurolli to‘qnashuvlarni keltirib chiqarish, xolos.
Shukurki, bugun Qoraqalpog‘istonda vaziyat izga tushdi, hayot o‘z maromiga qaytdi. G‘alamislar bu xalqni aldab bo‘lmasligini, yot g‘oyalarga ishontirib bo‘lmasligini anglab yetdi. Biz – bir elmiz, bir xalqmiz, buyuk O‘zbekistonmiz. Asrlar bo‘yi qoraqalpoq va o‘zbek xalqi og‘a-inidek bir zamin, bir vatan, bir oilada tinch-totuv, teng huquqli insonlar sifatida yashab kelmoqda. Bu birlikka aslo shikast yetmaydi. Zotan, Qoraqalpog‘istonsiz O‘zbekistonni, O‘zbekistonsiz Qoraqalpog‘istonni tasavvur etib bo‘lmaydi. Sahrolari kabi mehri ham qaynoq qoraqalpoq eli doim o‘z aqli- idrokiga tayangan. Bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishiga ishonamiz.
Narimon Dehqonov,
Namangan davlat universiteti prorektori,
siyosiy fanlar doktori
O‘zA