Bir umr urushni laʼnatlayman
Nihoyat, oxirgi oqshomning oftobi botdi. Ertalab azon bilan yigitlar yoʻlga chiqadi, ularni rayondan kelgan maxsus vakil kuzatib boradi.
Gʻalabaning 75 yilligi oldidan
Hamma narsa qorishib ketgan, kecha va kunduz, yil fasllarining farqi bilinmay qolgan paytda, ehtimol, quyoshning muzaffarligi va boqiyligi ham omonat tuyulib qolgandir. Aytishlaricha, qiyomat boshlanganining soʻnggi belgisi – quyosh botgan joyidan chiqar ekan. Yarim qiyomat hisoblangan urushda quyosh harakatsiz turib qolgan boʻlsa ham ajab emas – bu har soniya soʻnggi nafasini kutib yashagan odamning tasavvuri.
Ha, koinot sarvari – quyoshki xayolotda chalkashib ketgan mashʼum kunlarda qanchalab xonadonlar oʻz oftoblaridan ayrilib, zulmat ichida qoldi. Endi er yetgan, yashashga shaxdam kirishgan millionlab yigitlar hayot-mamot olishuvining qurboni boʻlib ketdilar. Insoniyat oʻnglanmas zarbaga uchradi.
Garchi ajal maydonlaridan minglab chaqirim yiroqda boʻlsa-da, bizning xilvat togʻ qishlogʻimizga ham urush suronlari yetib borgan edi. Men u kunlarni koʻrmaganman, biroq rahmatlik onajonim bilan uning soʻnggi kunigacha urush dahshatini his etib yashadim. Va bu his bir umr meni tark etmasa kerak.
Yoz kunlarining birida “Urush boshlanibdi, girmon bostirib kelibdi” degan mish-mish tarqaldi. Odamlar hali gap nimadaligini chuqur tushunmasdilar. Faqat dastlabki “qora xat”lar kelib yetgachgina, bu ofatning begunoh insonlar hayotiga naqadar zavol olib kelganini anglay boshlashdi.
Tongda yoki kunning istalgan bir paytida (“qora xat” qoʻlga tekkan chogʻda) qaysi bir xonadondan togʻlarni teshib yuborgudek boʻlib “Dod!” degan chinqiriq koʻtarilardi, shunda qishloq ahli yana bir yigit umri xazon boʻlganini bilardi. Urush oʻpqondek yigitlarni domiga torta boshladi. Ana shu koʻrgulik onamlarning xonadonini ham chetlab oʻtmadi. Oydek toʻlishib, kamolga yetgan Olimqulga ham chaqiruv qogʻozi keldi.
Oʻsha kunlar haqidagi xotiralarni eslasa, onamning gapirishga majoli yetmay qolardi. Yigirma besh – oʻttiz yillar oʻtsa ham, bagʻrini kuydirib oʻtgan olov oʻchmagan yoki oʻtning tafti soʻnmagandi. Aytib berishga qistab, xarxasha qilaversam, bir chogʻlanar, yana bardoshi yetmas, “Qoʻy, nima qilasan oʻshalarni eslab” degancha lablari titrab, yigʻlab yuborardi.
Onamning bagʻridagi suvaydo bitmay, dunyodan kuyib oʻtib ketdi. U ukasini juda yaxshi koʻrardi. Yetti yillikni yaxshi bitirib, savodsizlikni tugatish kurslarida oʻqituvchilik qila boshlagan Olimqul koʻpchilikning havasini keltirardi. “Togʻang baland boʻyli, yonoqlari anordek, keng yelkali yigit edi”, deb eslashardi qishloqdoshlar. Biroq boʻhron odam ajratib oʻtirmas, oʻrmonga oʻt ketgan, hoʻl ham, quruq ham baravar yonardi.
Oʻshanda besh nafar tengdoshga baravar chaqiruv qogʻozi kelgandi. Kuryerdan dumi qirqilgan bir varaq qogʻozni qabul qilib olishar ekan, yigitlar ertaga, kelajakda ularni nima kutayotganini his etishmasdi. Faqat oʻzlarining yoʻli uzoqqa, juda uzoqqa, begona yurtlarga tushishini bilishardi. Balki koʻngilda “Bizlar borguncha hammasi tugab, yarash-yarash boʻlib ketsa-ya” degandek ilinj ham boʻlgandir. Xullas, chekka qishloqda ulgʻaygan yigitlar bu shoʻrishni angrayib, garangtob qabul qilganlari aniq, chunki insoniyat boshiga tushgan bu koʻrgulikning chinakam koʻlamini katta-katta siyosatdonlar ham dastlab toʻla tasavvur qila olmagani tarixdan maʼlum.
Harbiyga chaqirilgan yigitlar bir-biridan ajrala olmay qolishdi. Yurak qizishar, koʻngil kuyar, odam oʻzini qoʻyishga joy topa olmas edi. Kuni bilan birga boʻlishar, goh ularnikiga, goh bularnikiga kechgacha gaplashib oʻtirishar, faqat jindek mizgʻib olish uchun uylariga qadam qoʻyishardi. Kechaning qay pallasi boʻlmasin, onalari uxlamay, ularning yoʻlini poylab oʻtirardi. Hammasi navnihol, moʻylabi endi sabza urgan, goʻshanga koʻrmagan yigitchalar edi.
Nihoyat, oxirgi oqshomning oftobi botdi. Ertalab azon bilan yigitlar yoʻlga chiqadi, ularni rayondan kelgan maxsus vakil kuzatib boradi.
Onam aytib berardilarki, oʻsha kecha tonggacha hech kim mijja qoqmay, Olimqulning atrofida girdikapalak boʻlib chiqqan. Bunday iltifotdan tabiatan tortinchoq, kamsuqum boʻlgan yigit xijolat boʻlar, atrofida nima roʻy berayotganini koʻpam tushunmasdi. Ayniqsa, ona haddan tashqari “oʻldim-kuydim” edi. Uch qizi qatorida yolgʻiz oʻgʻli boʻlganidan momom togʻamni yeru koʻkka ishonmas ekan. U vakil tayinlagan issiq kiyim-bosh va baʼzi yeguliklarning bekamu koʻstligini tekshirib koʻrar, xaltadan olib, yana xaltaga joylar, qoʻli boʻshasa, nuridiydasining qarshisida oʻtirib, unga soʻzsiz termilib qolardi. Iloji boricha yoʻl ketayotgan, azim safarga chiqqan oʻgʻliga dalda berish, uning koʻnglini choʻktirmaslikka intilsa ham, tizginsiz hayajon ichdan otilib chiqaverar, oʻzining mislsiz iztirobini jilovlay olmasdi, uyning ortiga oʻtib, ovozsiz oʻkrab-oʻkrab yigʻlab olardi.
Tun yarimlashgach, parvonadek oʻzini har yoqqa urgan onaizorning harakatlari tiyildi. U charchadimi yoki bu jonhalakligining befoydaligini sezdimi, tinchib qoldi. Oʻgʻlining pinjiga tiqilgancha uzoq, to xoʻrozlar qichqirguncha oʻtirdi.
Ota erkaklik gʻururi bilan oʻzini bosib tursa-da, uning ham ogʻir gʻam yuki ostida qolganini tushunish qiyin emasdi. Xayrlashish chogʻida oʻgʻlini bagʻriga bosib, bor ovozi bilan oʻkrab yigʻlab yubordi. Bunchaligini kutmagan ayollar tamom tosh qotib qolishdi. Ana shunday achchiq va alamli koʻz yoshlari ummoni ichida nuridiydalari, jigarbandlari bilan xayrlashdi.
Urush hamma narsani oʻz izmiga solgandi. Kolxozning tartiblari front dahshatlaridan kam emasdi. Jamoaning boshida turganlarga cheklanmagan huquq berilgan, u bechora mehnatkashni istagan ohangiga yoʻrgʻalatardi. Hamma kuch, imkoniyat frontga yoʻnaltirilgan, odamlarning issiq kiyimidan tortib xaltasidagi bir kaft turshagigacha ana shu ajdaho komiga tortib ketgandi. Yoʻgʻon choʻziladigan, ingichka uziladigan ana shu boʻhronga dosh bera olmaganlar birin-ketin “uzila” boshlashdi. Eng avval mushfiq ona bu sinovga dosh bera olmadi.
Onam shunday eslagandi:
– Ukam joʻnab ketgandan keyin bir yoz oʻtdi. Yoʻldan, urushning ichidan xatlari kelib turdi. Onam xatni emas, farzandining oʻzini kutardi. Yoʻl qaramagan, darvozadan birov kirib kelishini kutmagan kuni yoʻq edi. Pishiqchilik oʻtgach, yotib qoldi. Ahvoli ogʻirlashib, madordan ketib bordi. Faqat tilida “Olimqul, Olimqul, qachon kelasan?” degan soʻzlar aylanardi. Sillasi qurib qolganda ham faqat “Olimqul” deya olardi. Oxiri bunga ham majoli yetmay qoldi, biroq joni uzilmas, kimnidir soʻnggi nafasigacha kutardi, kimni kutayotgani aniq edi. Vujudda tiriklik alomatlari barham topgan, labiga paxta bilan suv tomizib turiladi. Shu alpozda oʻn kunlar tilsiz yotdi.
Bir kuni hamsoyalardan biri oʻktamlik bilan shunday dedi:
– Opa, koʻp intiq boʻlmay, yoʻlingizdan qolmang, Olimqul ham kelayotgan ekan, gazadan oshibdi...
Bu bemavrid gapdan toʻplanganlar lab tishlab qolishdi. Bemorning qulogʻiga har bir tovush oʻqdek oʻrnashgan ekanmi, inqillab koʻzini ochdi, boshini burib eshikka, kimdir kirib kelishi mumkin boʻlgan joyga tikilib qoldi.
Kampir shu holda, kiprik qoqmay, kechayu kunduz koʻzini yummay, bir hafta yotadi. Hamma onaning bolasi diydorini koʻrishni qanchalik istaganini tushunib tursa-da, ojiz edi. Onaizor tiriklikdagi oxirgi tilagiga erisha olmay, omonatini topshiradi. Joni tanasini tark etganda ham koʻzi ochiq edi, shu koʻyi ketdi.
...Onamning hikoyalari har doim dardli boʻlardi. Ayniqsa, tengdoshlari ichida sarvari, gapga chechan, ishda dadil yigit boʻlgan Olimqul haqidagilar.. Yetti yillik maktabni tugatgach, yaxshi oʻqiganligi uchun oʻqituvchilik qilgan, savodsizlikni tugatish guruhlarida dars bergan ekan. Bu oʻsha paytda ancha koʻzga tashlanadigan yutuq boʻlgan. Birinchi maosh olib kelganida ota-onasi, singillari rosa xursand boʻlishgan, hamsoyalarga osh tarqatishgan. Yaxshi niyat bilan “yangi roʻzgʻorimga ishlataman”, deb bir juft chinni tarelka sotib olibdi. Afsuski, ezgu niyatlar ushalmagan armonga aylandi, urushdan qaytmadi. Chinni idishlar esa jonsiz yodgor boʻlib qoldi. Ularning biri toʻpolon yillari yoʻqolgan, ikkinchisini onam koʻz qorachigʻidek asrab yurardi. Girdiga ikki qator koʻk chiziq tortilgan, odmigina buyum edi. Nima boʻldi-yu, bir kuni tokchadan tushib ketib sindi. Shunda onam chinni parchalarini bagʻriga bosib, uzoq yigʻladi. Unutilgan dardlari yangilanib, xomush boʻlib qoldi.
Onam bu xotiralarni boʻzlab, jigari toʻkilib soʻylab berar, urushni tinmay laʼnatlardi. Togʻdek ukasidan tirik ayrilgan (undan “qoraxat” ham kelmagan) inson faqat urushdan emas, biror sovuq xabardan ham zada boʻlib qolgan edi. Bexos qagʻillagan qargʻani quvib solar, radiodan biror falokatni eshitsa, uzzukun bezovta boʻlib yurardi. Harbiy komissariatdan menga chaqiruv qogʻozi kelsa, uyga kirib olib rosa yigʻlar, kechalari boshimning ustida mijja qoqmay tong ottirar edi.
Urush onamdek millionlab odamlarning hayotini izdan chiqarib yuborgandi. Uning kasri, zahri hamon bezovta qiladi.
Biz ham novdasi qirqilgan daraxtdek oʻksik oʻsdik. Baʼzan turmush ikir-chikirlaridan qovurgʻamiz qayishgan paytlarda xayol uzoq-uzoqlarga olib ketadi. Togʻam oʻsha yozda katta shaharga oʻqishga ketmoqchi ekan, afsuski, urush ajdahosi uni yutib yubordi. Oʻsmirligidayoq elning nazariga tushgan, qishloqda mahalliy yoshlardan birinchi muallim boʻlgan togʻam Olimqul Sohibovni eslayman. U hayot boʻlganida, oʻqib katta olim boʻlardi, balki arbob boʻlardi. Shubhasiz, koʻplab shogirdlar tarbiyalardi. Hech boʻlmasa, aqlli maslahati, toʻgʻri yoʻl-yoʻrigʻi bilan qoʻllab yuborardi. Baʼzan turmush tashvishlaridan, tazyiqlardan qovurgʻam qiyshayganda urush mashinasiga yem boʻlgan togʻamni eslayman. Eh, ortimda shunday togʻim turganida edi... U eng kamida jamiyatning bir teng huquqli fuqarosi sifatida yashaganida ham, shoir aytganidek, “tiriklik imoratiga bir dona gʻisht qoʻygani”da ham, bu dunyo yana-da obodroq, yana-da mukammalroq boʻlarmidi?!
Koʻngilning bu kechinmalari bot-bot bezovta qilganda, tinch-osuda kunlarning shukronasini aytib, shu siylov uchun astoydil xizmat qilish istagi dilga taskin beradi.
Hakim SATTORIY,
jurnalist.