“Bir sud – bir instansiya” tizimi o‘zgaradi
O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 27 sentyabrdagi “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuniga asosan 2024 yil 1 yanvardan boshlab, sud tizimida apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalari joriy qilinadi.
Endilikda birinchi instansiya sudining hukmlari, ajrimlari ustidan dastlab apellyatsiya tartibida, agar apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa, qonuniy kuchga kirgan hukmlar, ajrimlar ustidan kassatsiya tartibida shikoyat yo protest berish mumkin. Apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlari bo‘yicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar ustidan esa, taftish tartibida shikoyat yo protest berish, shuningdek, taftish tartibida takroran shikoyat yo protest bildirish yuzasidan iltimosnoma bilan murojaat qilish imkoni yaratiladi.
Bundan tashqari, hukm ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat yoki protest berish muddati yigirma sutkadan o‘n sutkaga qisqartiriladi.
Jinoyat ishini kassatsiya va taftish tartibida ko‘rish natijalari yuzasidan yangi oqlov yoki ayblov hukmi chiqarish vakolatlari beriladi.
Kiritilayotgan o‘zgartirish sud qarorlarini bekor qilib, yangidan ko‘rish uchun quyi instansiya sudlariga qaytarish amaliyotiga chek qo‘yadi va fuqarolarning sarson bo‘lishi oldi olinadi.
Ayblovni to‘ldirish va sudlanuvchiga nisbatan ayblovni og‘irrog‘i bilan almashtirish, shuningdek, javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligi aniqlangan holatlar bundan mustasno.
Endilikda qonunga ko‘ra sudda har bir ish bo‘yicha yakuniy xulosaga kelinadi. Tashkil etilayotgan yangi instansiya, ya’ni taftish tartibidagi shikoyat yoki protest tuman (shahar) sudlarida apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlar, ajrimlar ustidan, shuningdek, tuman (shahar) sudlari tomonidan ko‘rilgan ish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlariga beriladi.
Tuman (shahar) sudlarining apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari ustidan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya bo‘yicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar va ular yuzasidan chiqarilgan apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining hukmlari, ajrimlari ustidan esa, Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga beriladi.
Oliy sud raisi va Bosh prokuror Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining taftish tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Oliy sudning rayosatiga taftish tartibida takroran ko‘rib chiqish uchun protest bildirishi mumkin.
Yangi kiritilayotgan o‘zgartirish fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ta’minlagan holda, shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.
Husanboy Omonov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudining sudya yordamchisi