Jurnalistik surishtiruv
Tahririyatimizga Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani “Vatanparvar” mahallasi Dekmoron qishlog‘ida yashovchi fuqarodan murojaat kelib tushdi. Unda ta’kidlanishicha, hududdagi Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligining Sarg‘ayota bo‘limiga qarashli maydonlarda noyob o‘simlik turi hisoblangan va “Qizil kitob”ga kiritilgan “Zarafshon” archalarining noqonuniy kesib ketilayotgani, nobud qilinayotgani, biroq bunga bo‘lim nazoratchilari mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgani bayon etilgan.
Ona tabiatga yetkazilgan zarar haqidagi murojaatlar hech qachon e’tiborimizdan chetga qolmagan. Shu bois holatni o‘rganish va o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish maqsadida fotomuxbir bilan aytilgan manzilga yetib bordik.
[gallery-18556]
Tumanning Demoron, Tersoqar kabi o‘nlab qishloqlari tog‘li hududlarda joylashgan va o‘sha hududdagi o‘rmon xo‘jaligi maydonlari bilan tutashib ketgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Zarafshon” archasi tog‘ yonbag‘irlarida, dengiz sathidan 2600-2800 metrgacha balandlikda o‘sadi, tuproqni muhofaza qilish va namlikni saqlab turish vazifasini bajaradi. 1 gektar maydondagi archa daraxti inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan har xil mikroblarni o‘ldiruvchi 30 kilogramm miqdorda fitonsid moddasi ishlab chiqaradi.
Xullas “Zarafshon” archasi haqidagi gap ketganda ma’lumotlarga nazar tashlasangiz “sekin o‘suvchi”, “uzoq yashovchi” degan sifatlarga ko‘zingiz tushadi. Ko‘rinib turibdiki, bitta archaning ildiz otib daraxtga aylanishi uchun juda uzoq yillar kerak bo‘ladi. Ammo uni nobud qilish uchun esa qisqa fursatning o‘zi yetarli.
Murojaatchi va o‘rmon xo‘jaligi qo‘riqchilari hamrohligida hududni aylandik. Qalin archazor. Ko‘rib ko‘z quvnaydi. Ammo hududni aylanar ekanmiz shafqatsizlarcha kesib ketilgan kundalar ham uchraydi. Taxminan yarim soatlar chamasi aylanishimiz davomida kesib ketilgan “Zarafshon” archalarining o‘nlab kundalarini ko‘rdik.
– Bugungi kunda o‘rmonda archa kesilish holati to‘xtovsiz bo‘lyapti, – deydi murojaatchi Fayziddin Xushvaqtov. – Qancha joyga murojaat qildik, ammo natijasi yo‘q. Hech kim e’tiborga olmayapti. Yildan yilga kesilishning ko‘pligidan buloqlarimiz suv bermay qolyapti. Turgan joyimizda o‘tgan yili 60-70 ta kesilgan. Yangi kesilgan joydan 3 soat ichiga 34 ta ko‘rsatganman. Kesilishga o‘rmonchilar sababchi. O‘zlari ruxsat beradi xalqqa. Ruxsat bermasa xalq kesmaydi. Qonunni juda yaxshi tushunib olgan. O‘z nafsi yo‘lida o‘rmonchilar archalarni kestirib yubormoqda. O‘zlari berib, hujjatlashtirib, soxtalashtirib qaytarib yuboradi. Bir tomonda chorva mollari o‘tlab yuribdi, hamma yoqni payhon qilib, bu yoqda archa kesilyapti. Hammasiga o‘rmon nazoratchilarining roziligi bor. Oldini olmayapti. Hech kimga chora ko‘rmayapti. Hech kimga adovatim yo‘q mening. Lekin archa kesishni to‘xtatish kerak.
Fayziddin Xushvaqtov biz bilan birga hududni ko‘zdan kechirarkan, archalarning nazoratsiz nobud bo‘layotganini ta’kidlab, ba’zi namunalarni ko‘rsatib o‘tdi. Yo‘l davomida chindan ham ba’zi butalari yoki o‘zi butunlay kesib olingan archa tanalarini uchratish mumkin. Murojaatchining iddaosiga ko‘ra, mazkur archalar yaqin kunlarda kesib olib ketilgan va ularning soni 50 taga yaqinlashadi. Ammo hududda bo‘lgan bo‘lim nazoratchilari kesilgan archalar joriy yilga xos emasligini ta’kidlaydi.
– Bu archalarning kesilganiga bir necha yil bo‘lgan, – deydi o‘rmon nazoratchisi Alisher Nurmatov. – Har bir hudud nazoratimizda. Kesilgan archa bo‘yicha hujjat qilinib, yuqori turuvchi tashkilotimizga taqdim qilingan va tegishli choralar ko‘rilgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida fuqarolar archalarni kesilishiga o‘rmon nazoratchilari “bosh qosh” bo‘lishganini ta’kidlashga urinsa, mas’ullar bu iddaolarni haqiqatdan yiroq deb bilishdi.
– Turgan joyimiz Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligining Sarg‘ayota bo‘limi 1-sarhad Archazor massivi. Ushbu massivda 1 ming 700 gektar yer bor, – deydi bo‘lim boshlig‘i Bobur Aliyev. – Bu yerda “Zarafshon” archalari kabi noyob o‘simlik va hayvonot dunyosi bor. “Zarafshon” archasi “Qizil kitob”ga kiritilgan. Sarg‘ayota bo‘limida umumiy 8 ming 700 gektar yer maydoni mavjud. 5 nafar o‘rmon qo‘riqchisi bor. Kechayu kunduz nazorat qiladi. O‘simlik dunyosiga zarar yetkazganlarga qonuniy tartibda chora ko‘riladi. Archalar asosan kechki paytda fuqarolar tomonidan noqonuniy tartibda kesiladi. Chunki tog‘li hudud bo‘lganligi sababli qish oylari sovuq keladi. O‘zim joriy yilning may oyidan boshlab bo‘limga rahbar sifatida tayinlandim. Hali shu kungacha birorta kesilish holati aniqlangani yo‘q. Oldingi yillarda bo‘lgan. Yiliga 15-20 ta rasmiylashtirilgan. O‘rmonchilar o‘zlari ruxsat bergan, degan fikrga qo‘shilmayman. O‘rmon xo‘jaligi xodimi archani kesishga ruxsat bermaydi. Chunki ertaga hududidan daraxt kesilsa, o‘rmonchilar ham bir xil javob beradi. Asosan brokon’erlik sifatida kesiladi. Bitta kesilgan archa uchun eng kam oylik ish haqining 25 baravaridan 100 baravarigacha ma’muriy jarima qo‘llaniladi. Buni o‘rmonchi ham aholi ham yaxshi biladi.
Mas’ulning ta’kidlashicha, kesilishlar qattiq qish oylarida ko‘payadi. Chunki odamlarda o‘tin zarurati tug‘iladi. Shu bois o‘rmon bilan chegaradosh qishloqlar aholisiga joriy yildan boshlab ko‘mir yetkazib berish yo‘lga qo‘yilsa maqsadga muvofiq bo‘lishini qayd etdi mas’ul.
Agar o‘rmondagi archalar nobud qilinayotgan bo‘lsa, bu haqida mahallaga ma’lum qilinganmi? Aniqlangan holatlar bo‘yicha biror choralar ko‘rilganmi? Bu borada mahalla mas’ullarining ham fikrlarini tingladik.
– O‘rmondan archalar kesilishi bo‘yicha bizga fuqarolardan murojaat kelib tushmagan, – deydi “Vatanparvar” MFY raisi Oqil Xolto‘rayev. – Archa kesilgan holatlarni ham ko‘rganimiz yo‘q. O‘rmon xo‘jaligi ham o‘zini ishini qilyapti. Archa kesishni oldini olish uchun ko‘mir olib kelishni tashkillashtiryapmiz. Ikki-uch yildan buyon archa kesish holati ancha kamaygan. Agar bizga murojaat bo‘lgan taqdirda albatta choralar ko‘rilardi. Hozir nafaqat archani, uyingizdagi daraxtni kessangiz ham javobgarlik bor. Odamlarimiz o‘rmon bilan yaqin yashaydi. Fuqarolar o‘rtasida archani kesmaslik bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilyapti
Boshida murojaatchi Fayziddin Xushvaqtov va uning sheriklarini ona tabiatga astoydil jonkuyarlik qilganidan archa kesilishiga qarshi fidoyilik qilib xabar bergan, degan fikrda edik. Lekin murojaatni o‘rganish davomida anglashildiki, fuqarolar va o‘rmon nazoratchilari o‘rtasida nizoli holatlar bor ekan. Mayli, bu o‘z yo‘liga. Nizoli vaziyatlarni hal qiladigan tegishli idoralar bor. Ammo nima bo‘lishidan qat’i nazar ona tabiatga zarar yetayotgani, noyob “Zarafshon” archalarining shafqasizlarcha kesib ketilayotgani ayni haqiqat.
O‘rmonga yondosh yashovchi aholining asosiy daromadi chorvachilikdan. Bahor kelishi bilan mol-qo‘ylarini haydab yuqoriga, o‘rmon xo‘jaligi yerlariga kirib boradi. Dala chiptasini olib mol qo‘ylarini o‘tlatadi. O‘tovlarini o‘rmonning ichiga tikadi. Murojaatni o‘rganish davomida bunga guvoh bo‘ldik. O‘choq qurib, o‘tin yoqib taom tayyorlaydi. Bu esa o‘rmonga zarar yetkazish yo‘lidagi navbatdagi xavf. O‘zining chorvasi yetmagandik, pastki qishloqlardan olib kelingan mol qo‘ylarni ham o‘zaro kelishuv asosida o‘rmon yerlarida boqadi va noyob o‘simlik dunyosiga katta miqdorda ziyon yetkazadi. Buning natijasida o‘rmonzorlarning tabiiy ko‘payishi susaya, ya’ni daraxtdan tushgan urug‘dan unib chiqqan nihol chorva mollari tuyog‘i ostida payhon bo‘lmaydimi, bu ularning o‘sib-unib ketishiga to‘sqinlik qilmaydimi?
Xo‘sh, tabiiy o‘rmonzorlar shu tarzda kesib ketilsa, tabiatga, ekologiyaga zarar yetmaydimi?
Yetadi, albatta. Negaki, o‘rmonlar tabiiy kompleks bo‘lib, iqlim o‘zgarishi, tog‘ va tog‘ oldi hududlarida jarliklar paydo bo‘lishi xavfining oldini olishda, suv tanqisligi muammosini yechishda, sel va boshqa yog‘inlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tuproq yemirilishiga qarshi kurashda, cho‘l hududlari va yaylovlar holatini yaxshilashda, sug‘oriladigan yerlar unumdorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, o‘rmonlar biosferadagi ekologik muvozanatni saqlashda ham kuchli vosita hisoblanadi. Binobarin, o‘rmonlarning muhit yaratish roli faqat ular tarqalgan maydonlar bilan cheklanib qolmaydi. Chunki o‘sha hududlarda paydo bo‘lgan buloqlar suvi shaharda yashaydigan aholini, qishloq xo‘jaligi ekinlari va xalq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarini suv bilan ta’minlaydi.
Yana bir gap o‘rmonlar davlat mulki – umummilliy boylik bo‘lib, ulardan oqilona foydalanish lozim. Afsuski, bunga hammamiz ham birdek amal qilmaymiz. Ayrimlarning tabiatga bo‘lgan shafqatsizlarcha munosabati oqibatida tabiiy o‘rmonzorlar yildan-yilga ortga chekinmoqda. Bizni, insonni tark etmoqda. Eng yomoni, kesilgan daraxt zarari qoplanishi mumkin, lekin bir tup archa niholi katta daraxt darajasiga yetishi uchun 100 yildan ortiqroq vaqt ketar ekan. Bir tup archa daraxti ishlab chiqaradigan toza havo, ildizi orqali ushlab turadigan toza suvni bir necha o‘n yillardan keyin millionlab so‘mlarga ham sotib ololmaymiz.
O‘ylaymizki, nafaqat Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligi balki viloyatdagi boshqa hududlarda o‘sib turgan “Zarafshon” archalarining kesilishiga qarshi o‘ta ta’sirchan choralar ko‘riladi. Yo‘qsa, yaqin yillar ichida ularni “Qizil kitob”dan ham topa olmaymiz.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari