Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari qo‘shma loyihasi – “Bir million o‘zbek dasturchilari” qo‘shma loyihasi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh Al-Gergavi, shuningdek, davlat idoralari va vazirlik mas’ullari hamda xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, ikki davlat rahbarlarining tashabbuslari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ta’lim, tibbiyot va ayniqsa, axborot texnologiyalari sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Bunday hamkorlik doirasida axborot texnologiyalari sohasida oxirgi uch yilda ikkita katta loyiha samarali amalga oshirildi. Bulardan birinchisi davlat mobil ilovalarini yaratishga qaratilgan “EmGovEvord” loyihasi bo‘lsa, ikkinchisi “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasidir.
Hozirgi kunda “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi butun respublikamizni qamrab oldi. Ushbu loyiha Davlat dasturlarida Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor vazifalaridan biri sifatida o‘z ifodasini topmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev keng qamrovli islohotlar doirasida axborot texnologiyalari sohasini ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab, “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasiga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimiz aholisining ko‘p qismini mazkur loyihaga jalb qilishda muhim turtki bo‘ldi.
Aytish joizki, “One Million Uzbek Coders” (OMUK) loyihasi aholiga dasturlash va raqamli texnologiyalar bilan ishlashga oid ko‘nikmalarni taqdim etishga yo‘naltirilgan bepul onlayn platforma hisoblanadi. Platforma ma’lumotlar tahlili (Data Analysis), Android va front-end va full-stack dasturlash kabi to‘rtta eng ommabop yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda “One Million Uzbek Coders” dasturi bo‘yicha ta’lim olish uchun ro‘yxatdan o‘tgan talabalarning umumiy soni 2 million 500 dan oshdi. Ulardan 1 557 977 nafari ishtirokchi sifatida, 1 175 933 nafari esa o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlaganlik bo‘yicha sertifikatlarga ega bo‘ldi. Quvonarlisi, loyiha ishtirokchilarining 90 foizini maktab o‘quvchilari, 47 foizini esa qizlar tashkil etadi. Viloyatlar kesimida portalda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni bo‘yicha Xorazm, Namangan, Andijon va Samarqand viloyatlari yetakchilik qilmoqda.
Taqdirlash marosimida loyihani amalga oshirishda erishilgan yutuq va natijalar, axborot texnologiyalari sohasida professional rivojlanish uchun ilk qadam sifatida xizmat qilgan “One Million Uzbek Coders” bitiruvchilarining hikoyalari haqida videoroliklar namoyish etildi.
Shundan so‘ng loyihaning “Eng faol hudud”, “Eng faol universitet, “Eng faol maktab”, “Eng faol o‘qituvchi”, “Eng faol talaba”, “Eng faol oila” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblari taqdirlandi.
[gallery-7528]
Shunday qilib, Xolovlar oilasi “Eng faol oila”, Xorazm viloyati “Eng faol hudud”, Qashqadaryo viloyati Koson tumani 9-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi “Eng faol maktab”, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali “Eng faol universitet”, Samarqand viloyati IT Park Samarqand hududiy filiali startap menejeri Bobomurod Toshboyev “Eng faol o‘qituvchi”, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bitiruvchisi Farruh Saliyev “Eng faol talaba” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. G‘oliblarga “Coursera” platformasida o‘qish uchun yillik litsenziyalar hamda sovg‘alar topshirildi.
– 1 ming 865 nafar talabamiz loyiha doirasidagi dasturlarni muvaffaqiyatli yakunlaganlik to‘g‘risidagi sertifikatni qo‘lga kiritdi, – dedi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali direktori Maqsudbek Boyjonov. – Albatta, bu biz uchun katta e’tirofdir. Bugun taqdirlash marosimida shu zafarlar davomi sifatida "Eng faol universitet" nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldik. Oliygohimiz Hindiston, AQSH, Rossiya, Belarus Respublikasi, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. O‘quv jarayoniga xorijlik professor-o‘qituvchilarni ham jalb qilganmiz. bugungi kunda bitiruvchilarimiz xorijning eng yetakchi oliygohlarining magistratura va doktorantura bosqichlarida o‘qimoqda.
G‘oliblar orasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bitiruvchisi Farruh Saliyev ham bor. U turli soha va yo‘nalishlarda 10 dan ortiq mobil ilova ishlab chiqqan.
– Men ushbu tadbirda ishtirok etganimdan bag‘oyatda xursandman, –dedi “Eng faol talaba” nominatsiyasi g‘olibi Farruh Saliyev. – Uzbekcoders.uz platformasidagi Android yo‘nalishi bo‘yicha kursni tamomlab, yuqori natijalarga erisha oldim, deb bemalol ayta olaman. Sababi, bugungi kunda android tizimida ilovalar ishlab chiqdim va 10 dan ortiq ilovalarim muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Eng ommalashgan ilovalarim qatorida – Alba Chat, Ucell Uzbekistan, Screen Saver, Admire, Mediabayni aytishim mumkin. bugungi kunda ilovalarimni 20 000 dan ortiq foydalanuvchilar yuklab olgan. Ilgari men frilanser bo‘lib ishlaganman, hozirda esa mobil ilovalar ishlab chiqaruvchi yirik xususiy firmada faoliyat yuritaman. “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi, xususan, Uzbekcoders.uz platformasisiz bularning barchasiga erisha olmasdim. Chunki aynan shu loyiha orqali men o‘zim uchun axborot texnologiyalarining qiziqarli dunyosini kashf etdim. Albatta, biz, yoshlarga bu kabi sharoitlar yaratib bergan mamlakatimiz hukumati va “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi asoschilariga samimiy tashakkurlarimni bildiraman.
Tadbirda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining birinchi kurs talabasi Jamshid Xoliqulov ham o‘z taassuroti bilan o‘rtoqlashdi.
– Men ushbu loyihada qatnashdim va sertifikatga ega bo‘ldim. Sodda qilib aytganda, ushbu sertifikatni olishim sayt yaratishning dastlabki ko‘nikmalariga ega bo‘lganimni bildiradi. Loyiha IT texnologiyalariga qiziqishimni yanada orttirdi. Kelgusida ushbu sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishmoqchiman, – dedi u.
Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilda “One Million Uzbek Coders” bitiruvchilari uchun Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda umumiy mukofot jamg‘armasi 100 000 dollarni tashkil etuvchi 3 ta musobaqa, ya’ni Sport dasturlash, “Open Data Challenge” va “Students Cup” chempionatlari o‘tkazilgan. Loyihaning faol ishtirokchilari o‘rtasida sovrin jamg‘armasi 6 ming dollarni tashkil etuvchi onlayn tanlov o‘tkazilib, unda 12 ming kishi ishtirok etdi. Bundan tashqari, “One Million Uzbek Coders” dasturi doirasida 7 ta saralash bosqichi o‘tkazilib, IT-ta’lim bo‘yicha 250 ta “Nanodegree” granti egalari aniqlangan.
“Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi doirasida erishilgan yutuqlar Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsad va vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Zero, kelgusida ushbu loyiha mamlakatimizni mintaqaviy IT-markaziga aylantirish yo‘lida mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zga chiqdi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri