“Bir kontur — bir mahsulot” taraqqiyot drayveri
Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yer resurslaridan samarali foydalanish, hududlarni aniq ixtisoslashtirish hamda iqtisodiy natijadorlikni oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Joriy etilgan “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili esa tuman qishloq xo‘jaligida yangi bosqichni boshlab berdi.
Bu tizim nafaqat yerdan samarali foydalanishni ta’minlamoqda, balki dehqonchilik madaniyatini oshirib, har bir konturda aniq mahsulot turini maqsadli yetishtirish orqali barqaror daromad manbalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
– Ayniqsa, “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida qovunchilikni yo‘lga qo‘yish bugungi kunda tuman agrar sohasida yangi imkoniyatlar eshigini ochdi, – deydi Oqoltin tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Hamid Matchonov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda 3114 nafar ishsiz fuqaroga ijara asosida 1403,8 gektar yer maydoni ajratilgan. 2026-yilda ushbu yerlarning 737,0 gektarida “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida poliz ekinlari, xususan, qovun yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich 755,0 gektarni tashkil etmoqda. Hozirgi kunda maydonlarda qovunning ertapishar “obi novvot”, “chillaki”, “oq urug‘” va boshqa navlar usta dehqonlar tavsiyasi asosida parvarish qilinmoqda.
Har bir konturda agrotexnik talablarga qat’iy rioya etilishi, tomchilatib sug‘orish va zamonaviy parvarish usullarining joriy etilishi hosildorlikni sezilarli darajada oshirishga xizmat qilmoqda.

Misol uchun, Yangi hayot mahallasidagi 1057-konturda joylashgan 85 ta lotdan iborat 42,5 gektar maydonda qovun to‘liq plyonka ostida ekilib, agrotexnik me’yorlar asosida parvarish qilinmoqda. Shuningdek, Mustaqillik mahallasidagi 1197-konturda 83 ta lotdan iborat 41,6 gektar yer maydonida ham qovun ekish ishlari yakunlanib, hozir birinchi o‘g‘itlash olib borilmoqda.
2025-yil boshida tumanda 800 nafar yoshga 400 gektar unumdor va suv ta’minoti barqaror bo‘lgan yer maydonlari ajratib berilgan. Natijada yoshlar nafaqat ish bilan ta’minlanmoqda, balki dehqonchilik orqali mustaqil daromad olish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda.

– O‘tgan yilgi mehnatimiz o‘z samarasini berdi. Qovun yetishtirish orqali daromadli oilalar qatoriga qo‘shildik. Eng muhimi, doimiy ish bilan ta’minlandik. Buning uchun, avvalo, Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz, – deydi Bo‘ston mahallasida istiqomat qiluvchi Otabek Mamatisayev.
Yana bir namuna: Kamoliddin Xonto‘rayev 50 sotix yer maydonida qovun yetishtirib, o‘tgan mavsumda qariyb 80 million so‘m daromad olgan. Uning aytishicha, mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridorga yetkazish orqali bozor izlashga ehtiyoj qolmagan.
– O‘tgan yili “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida ajratilgan yerda qovun yetishtirdik. Har bir tupdan o‘rtacha 150–170 dona hosil oldik. Donasi 9 500–12 000 so‘mdan sotildi. Asosiysi, mehnatimiz va davlat tomonidan ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash o‘z natijasini berdi. Bu yil faoliyatimni yanada kengaytirishni rejalashtirganman, – deydi u.

Tomorqa va kichik yer maydonlaridan samarali foydalanish ham aholi daromadini oshirishda muhim o‘rin tutmoqda. Yangi Toshkent mahallasida istiqomat qiluvchi Hasan Tilovov imtiyozli kredit asosida 8 sotixlik issiqxona tashkil etib, bir mavsumda bir necha marta hosil olishga erishgan.
Hozir issiqxonada ikkinchi ekin sifatida bodring yetishtirilib, kunora 80–100 kilogrammgacha mahsulot olinmoqda. Tadbirkor umumiy daromadni 100 million so‘mdan oshirishni maqsad qilgan.
– Issiqxonaning afzalligi shundaki, mahsulotni erta bozorga chiqarasiz va yuqori narxda sotib, mehnat samarasini ko‘rasiz. Ilgari olingan daromad hisobidan isitish tizimini ham yangiladik. Maqsadimiz — yiliga uch marta hosil olib, daromadni yanada oshirish, – deydi Hasan Tilovov.

Oqoltin tumanida shakllantirilayotgan ushbu tajriba “bir kontur — bir mahsulot” tamoyilining amalda o‘zini oqlayotganini ko‘rsatmoqda. U nafaqat agrar sohada samaradorlikni oshirmoqda, balki aholi bandligi, daromadlar barqarorligi va qishloq xo‘jaligida bozor tamoyillarining mustahkamlanishiga ham xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri