Dolzarb mavzu So‘nggi paytlarda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Tansiqboy” dehqon bozori misolida ushbu ma’lumotning qanchalik asosli ekanligini o‘rgandik.
Avvalo, bozorda ushbu turdagi oziq-ovqat mahsulotlari xaridorlarini suhbatga chorladik.
– Bozordagi arzonlashtirilgan yarmarkada guruchning o‘rtacha narxi 5 ming so‘m, – deydi Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi To‘lqin Xudoynazarov. – Guruchning 6 ming so‘mligidan oldim. Sifati yaxshi. Bu yerda go‘shtning narxi ham arzon, bir kilosi 55 ming so‘m ekan. Bozorda tadbirkorlar go‘shtni 65 mingdan 72 minggacha sotishyapti. Yarmarkada arzon, qolaversa, sifatli bo‘lgani uchun shu yerdan xarid qilyapman.
Bu yerda go‘sht narxi 46 ming so‘m, deb yozib qo‘yilgan. Xo‘sh, haqiqatdan ham e’londa ko‘rsatilgani kabi go‘sht 46 ming so‘mdan sotilyaptimi? Arzon go‘sht qayerdan olib kelinadi?
Shu kabi savollar bilan go‘sht sotuvchisiga murojaat qildik.
– Bu kabi arzon go‘sht mahsulotlari hukumatimiz tomonidan Belarus davlatidan olib kelinmoqda, – deydi sotuvchi Asliddin Norov. – Bir necha kundirki, bozorda tashkil etilgan ushbu yarmarkada go‘sht, shuningdek, boshqa mahsulotlar ham arzonlashtirilgan narxlarda sotilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bir kilogramm tovuq go‘shti 17 mingdan 19 ming so‘mgacha, baliqning bir kilosi esa 15 mingdan 30 ming so‘mgacha sotilayapti.

Arzonlashtirilgan yarmarkada, shuningdek, meva-sabzavot, poliz ekinlari rastalari to‘kin. U yerda serquyosh zaminimizda yetishtirilgan barcha noz-ne’matlar o‘rin olgan. Bu yerda bir kilogramm olmani 5 ming so‘mdan, pomidor va baqlajonni 2,5 ming so‘mdan xarid qilish mumkin.
Bu yerda xaridorlarga tuxum ming so‘m, shakar 6 ming so‘m, birinchi navli un 4,5 ming so‘m, 1 litr pista yog‘i 11 ming 500 so‘m, 5 litr yog‘ esa 57 ming 500 so‘mdan taklif qilinmoqda.
– To‘g‘risini aytsam, shu oyda narxlar biroz ko‘tarildi, ayniqsa, go‘sht mahsulotlari, – deydi xaridor Husniddin Haydarov. – Mana shu bozordan bir kilogramm suyaksiz mol go‘shtini tadbirkor qassoblardan 83 ming so‘mdan, qovurg‘ali qo‘y go‘shtini esa 75 ming so‘mdan olar edim.
Bozorlarda bu kabi arzonlashtirilgan yarmarkalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani yaxshi bo‘ldi. Bu bozorning talab va taklif qoidasini me’yoriga keltirdi. Misol uchun, yarmarkada go‘sht 46 mingdan 55 ming so‘mgacha sotilyapti. Shundan kelib chiqib, tadbirkor ilgari 80-83 ming so‘mdan sotayotgan go‘shtni endilikda 55-60 ming so‘mdan bermoqda.
Yarmarkada bir litr pista yog‘i yuqorida qayd etib o‘tilganidek, 11 ming 500 so‘m bo‘lsa, xuddi shuncha yog‘ tadbirkorlar tomonidan 14-15 ming so‘mdan sotilayotganiga guvoh bo‘ldik. Shuningdek, bozorda yarmarkadan farqli o‘laroq, 1 navli un 5,5-6 ming, bir kilogramm guruch 10 mingdan 15 ming so‘mgacha sotilmoqda.
– Bozor hududida 20 ta arzonlashtirilgan savdo nuqtamiz bor, – deydi “Qoraqamish dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Sherzod Ahmedov. – Unda aholi uchun birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Rpqbfh4ZBtY" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Ko‘pchiligimiz “Chorsu” deb ataydigan “Eski Juva” dehqon bozorida ham birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini o‘rgandik.
Bozorning arzonlashtirilgan rastalarida mol go‘shti 45-46 ming so‘m, tovuq go‘shti 17-19 ming so‘m, 1-navli un o‘rtacha 4 ming 500 so‘m, bir litr pista yog‘i 11 ming 500 so‘m, tuxum 900 so‘mdan 1 ming 100 so‘mgacha, shakar 5 ming 800 so‘m, guruch (“alanga”) 9 ming 200 so‘m, kartoshka 3 ming 500 so‘mdan sotilmoqda.
– Mol go‘shtida “kontur file” degan joyi bo‘ladi, – deydi bozor qassoblaridan biri Jaloliddin Boboxo‘jayev. – Bitta qora moldan nari borsa 2-3 kilogramm ana shunday go‘sht olinadi. Faqatgina ana o‘shani 120 ming so‘mdan sotamiz.
“Kontur file”ning o‘z xaridori bo‘ladi. Lekin go‘shtni odatiy narxda, xususan ilik suyagini 13 ming so‘mdan, mol go‘shtini 55-60 ming so‘mdan, qo‘y go‘shtini esa 55 mingdan 60 ming so‘mgacha berayapmiz.
Prezidentimiz joriy yil 16 oktyabrda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bozorlarda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish, narx-navo asossiz oshib ketishining oldini olish borasida tegishli topshiriqlar berilgan edi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/--dg809qhKI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>– Mazkur vazifalar ijrosi doirasida bozorda "o‘rtakashlarsiz" sotish istagini bildirgan dehqon va fermer xo‘jaliklariga qator imtiyozlar, xususan, bepul savdo rastasi hamda avtoturargohdan joy ajratilib, rasta sovutgichlar bilan ta’minlandi. – deydi “Eski Juva” dehqon bozori direktori o‘rinbosari Hurshid Egamberdiyev.
– Arzonlashtirilgan yarmarka bozor ichkarisida narxlarning sun’iy oshirilishiga to‘sqinlik qiladi. Bozorning arzonlashtirilgan 10dan ortiq go‘sht rastasi bo‘lib, unda go‘sht 45 mingdan 55 ming so‘mgacha sotilayapti.
15dan ortiq rastada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri daladan bozorga olib kelinib, aholiga arzon narxlarda yetkazib berilmoqda.
Bozorlarda arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etish orqali raqobat muhiti shakllantirilib, narxni mo‘’tadil ushlab turishga erishilmoqda. Toshkent shahar hokimligi va “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tomonidan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan mana shunday yarmarkalarda narxlarni sun’iy oshirmaslik doimiy nazorat qilib boriladi.
To‘g‘ri, ayrim tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilgan narxlarda ham sotilmoqda. Bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi, albatta. Ammo xalqimizda “Otang bozor, onang bozor”, degan gap ham bor. Mahsulotlarni arzon olmoqchi bo‘lsangiz, yarmarkalarga boring.
Shahnoza MAMATUROPOVA, Nishonboy ABDUVOITOV (surat), O‘zA