Bir issiqxonadan besh marta hosil olinadi
Mehnat qilib, ekin yetishtirgan inson borki, hosilni barvaqt sotuvga chiqarish va undan mo‘l daromad olishga harakat qiladi.
Mehnat qilib, ekin yetishtirgan inson borki, hosilni barvaqt sotuvga chiqarish va undan mo‘l daromad olishga harakat qiladi. Keyingi vaqtda mirishkor dehqonlarning bu boradagi intilishlariga yer va suvdan oqilona foydalanish istagi ham qo‘shilmoqda.
Yangilikka intilib, yaratish zavqi bilan mehnat qilayotgan yoshlarimizdan biri PiskentlikDavronbek Qurolovning issiqxonasida bir yo‘la uch xilda qishloq xo‘jaligi ekini yetishtirilmoqda.
–Aslida uch sotixda pomidor yetishtirishni boshladik va yiliga ikki marta hosil yetishtirdik, – deydi Davronbek. – Daromad yaxshi bo‘lgani bois ikki yilda qariyb o‘n sotixga kengaytirdik. Shu yil bahorda agronomlar bilan maslahatlashib, pomidor ko‘chatlari yoniga uzumning “Rizamat” navidan 120 tup ekdik.
Pomidorning ko‘m –ko‘k barglari orasida qizarib turgan ko‘rkam hosil orasidan uzum barglari ham mo‘ralab turgani juda e’tiborni tortar ekan. Issiqxona oxirida barq urib turgan limon ko‘chatlari ham ko‘zni quvontiradi. Bu tajriba qanchalik samara berar ekan, agar barcha ekinlarni hosili yo‘qotilsa-chi? Balki, bu aralash ekish tajribasini kimdir ko‘llagan bo‘lsa, o‘rganib oldingizmi? deya Davronbekdan surishtirishni boshladik.
–Boshqalarda ko‘rganim yo‘q, shunchaki olimlar, yerni tilini biladigan dehqonlar bilan gaplashdim, – deydi Davronbek.– Issiqxonadagi uzum odatdagidan bir oy avval pishar ekan. Bu vaqtda bozorda raqobat ham bo‘lmaydi, bemalol sotish mumkin. Bu yil ekilgan toklar ikki yildan keyin hosil beradi. U issiqxona simlariga o‘ralib tepaga o‘saveradi. 2,5 mingta pomidor ko‘chati ekkanmiz. Ulardan o‘rtacha, 5 tonna hosil olishni mo‘ljallab turibmiz. Bahorda alamino navidan mo‘l hosil oldik. Uning mevalari chiroyli va xaridorgir. Kuzda pinsara navini ekdik. Uning rangi gulobi bo‘lib, bozorda e’tiborni tortadi. Mazasi ham suvli bo‘lib, yaxshi tosh bosadi.
Uzog‘i bilan uch yildan keyin tomorqasidan bir yilda kamida besh marta hosil olishni mo‘ljallab turgan Qurolovlar oilasi, ayni vaqtda imtiyozli kredit olib, issiqxonaga tejamkor isitish qurilmasini o‘rnatish niyatida.