Bir guruh xorijlik shifokorlar taqdirlandi
“Tabassum hadya etamiz” (“Darim ulibku”) xalqaro xayriya jamg‘armasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida aksiya tashkil etildi.
Ushbu aksiya doirasida 180 nafardan ortiq bemor bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan, 60 nafarga yaqin bolada murakkab jarrohlik amaliyoti bepul bajarildi. Bu esa chin ma’noda bolajonlarga kulgi, ularning yaqinlariga quvonch in’om etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev mazkur aksiyani o‘tkazishda faollik ko‘rsatgan xorijlik shifokorlar bilan uchrashdi va ularga minnatdorlik bildirdi. Jahonning bir qator mamlakatlaridan tashrif buyurgan shifokorlar tomonidan qilingan ezgu tashabbusni xalqimiz yuqori darajada baholashi va qadrlashini ta’kidladi.

Tadbir davomida Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumi qarori bilan bir guruh mutaxassislar munosib taqdirlanib, ularga ko‘krak nishoni, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Ta’kidlash joizki, mazkur xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan joriy yilning 5-12-aprel kunlari Nukus shahridagi Bolalar milliy tibbiyot markazining Orolbo‘yi mintaqasi bolalar kasalliklari bo‘yicha tibbiyot klinikasida xayriya aksiyasi o‘tkazilgan edi. Unda 2000 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz ko‘rikdan o‘tkazilib, shundan 70 nafardan ortiq bemorda jarrohlik amaliyoti bajarildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri