Bir guruh jizzaxliklarga mukofotlar topshirildi
Jizzax viloyati hokimligi anjumanlar saroyida Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida mukofotlangan jizzaxliklarga ham davlat mukofotlari va “Mahalla iftixori” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev tadbir ishtirokchilarini Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan samimiy qutlab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga qaratilayotgan e’tibor ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy yangi binolar bilan ta’minlash va xodimlarni munosib rag‘batlantirib, ilg‘or ish tajribasini ommalashtirishda yaxshi samaralar berayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mahalla tinch bo‘lsa – yurtimiz tinch, mahalla obod bo‘lsa – butun mamlakatimiz obod va farovon bo‘ladi.
Darhaqiqat, barchamiz uchun muqaddas Vatan, avvalo, o‘z uyimiz, mahallamiz ostonasidan boshlanadi. Hammamizning hayotimizdagi yaxshi va beg‘ubor damlar, tashvishli kunlar, taqdirimiz va kelajagimiz o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan ana shu idora bilan bevosita bog‘liq.
Keyingi yillarda milliy o‘zligimiz timsoli, betakror qadriyat va an’analarimiz beshigi bo‘lgan ana shu institutning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini, vakolatlarini oshirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha Jizzax viloyatida ham sezilarli ishlar amalga oshirildi.
Umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mahalla boshqaruviga oid muhim yangi moddalar kiritildi. Bu haqda gapirganda, oxirgi 7-yilda tizimni takomillashtirishga qaratilgan 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganini, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash usuli keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektoridan iborat jami 1936 nafardan iborat tuzilmadagi xodimlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara berayotganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
[gallery-16567]
Bugungi kunda “Mahalla yettiligi” tomonidan bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar va yoshlarga manzilli yordam ko‘rsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish kabi bir-biridan muhim ishlar olib borilmoqda.
Xonadonlarning iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, har bir mahallaning o‘sish nuqtalari aniqlab olindi. “xonadonbay”, “oilabay” ishlash tizimi, “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari joriy etildi.
Darhaqiqat, viloyatda mahalla tizimi borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, o‘tgan 2023-yil mobaynida fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 36 ta mahalla idorasi yangidan qurildi, 15 tasi rekonstruksiya qilinib, ta’mirlandi, hozir 8 ta mahalla binosida qurilish ishlari olib borilmoqda, 2024-yil yakuniga qadar manzilli dasturga asosan 30 ta mahalla binosi yangidan barpo etiladi.
Ana shunday izchil sa’y-harakatlar tufayli mahalla idorasining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzi yanada mustahkamlanib, u aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishning adolatli va ta’sirchan institutiga, samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatadigan, odamlarga eng yaqin xalqchil tuzilmaga, chinakam xalq vijdoniga aylanib bormoqda.
Bugungi kunda butun mamlakatimiz kabi mahallalarimiz taraqqiyotida ham yangi davr boshlanmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan yuksak maqsad va vazifalar asosida mahalla tizimida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Tantanali marosim davomida davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi. Baxmal tumani “Barlos” badiiy folklor jamoasi rahbari Barchinoy Cho‘liboyeva “Do‘stlik” ordeni bilan, Zafarobod tumanidagi “Cho‘liguliston” qishloq fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Laylo Tagayeva “Sog‘lom turmush” medali, Jizzax shahar ichki ishlar bo‘limi katta inspektori Gulbahor Rasulova “Sodiq xizmatlari uchun” medali, Paxtakor tumanidagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Iftixor Adilov, Jizzax shahar “Zilol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Gulnora Boboqulova, Sharof Rashidov tumani Obodonlashtirish boshqarmasi ko‘cha supiruvchisi Sharofat Yakubovalar “Shuhrat” medali bilan, shuningdek, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarining 13 nafar faollari “Mahalla iftixori” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Mukofotlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, mahallalarni obod va farovon go‘shaga aylantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildirdi.
Barcha taqdirlanganlarga, shuningdek, ikki nafar Zulfiya mukofoti sovrindori va ularning onalariga viloyat hokimining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram munosabati bilan viloyat san’atkorlari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga olam-olam quvonch bag‘ishladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari