Bir guruh informatika fani o‘qituvchilari rag‘batlantirildi
Respublika miqyosida xalq ta’limi tizimini axborotlashtirish hamda raqamlashtirish ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.
Hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish, maktab o‘quvchilarini dasturlash tillari hamda zamonaviy kasblarga o‘rgatishda informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari mehnatini alohida e’tirof etish mumkin.
Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 22-umumta’lim maktabida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha mutaxassislar hamda informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilarini rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
- Ushbu tadbirda yosh avlodning axborot texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, “Bir million dasturchi” loyihasini keng targ‘ib qilish, xalq ta’limi tizimida joriy etilayotgan elektron platformalar, jumladan, masofaviy ta’lim platformasi - maktab.uz, elektron kutubxona platformasi - kitob.uz, xalq ta’limi tizimidagi muassasalarni boshqarish bo‘yicha yagona elektron dasturiy tizimi (ERP) hamda “Elektron kundalik” axborot tizimlarida ma’lumotlar bazalarini shakllantirishda jonbozlik ko‘rsatayotgan AKT mutaxassislari va informatika fani o‘qituvchilarining xizmatlari munosib taqdirlandi va rag‘batlantirildi, - deydi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov.
Shuningdek, tadbir davomida bir guruh informatika fani o‘qituvchilari Oracle va Cisco kompaniyalarining onlayn kurslarini maktablarda o‘qitishni tashkil etib, yuqori sinf o‘quvchilariga dasturlash tili va tarmoq texnologiyalarini o‘rgatish, tegishli sertifikatlarni berish orqali o‘quvchilarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish ishlarini namunali tarzda amalga oshirib kelayotganlari alohida e’tirof etildi va munosib taqdirlandi.
Bundan tashqari, xalq ta’limi tizimini axborotlashtirish va raqamlashtirish islohotlarini joylarda amalga oshirishda ko‘maklashayotgan bir qator viloyat hamda tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlarida samarali mehnat qilayotgan mutaxassislar faoliyati ham vazirlik e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q.
bugungi kunda vazirlik tomonidan kadrlar salohiyatini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, jumladan, respublikaning har bir tuman va shaharlaridan jami 430 nafar informatika fani o‘qituvchilari Python dasturlash tilini o‘rganmoqda. Bu ko‘rsatkichni shu yilning yakuniga qadar 3000 nafarga yetkazish va zamonaviy dasturlash tillari (Scratch va C++ va boshqalar) bo‘yicha tahsil olishini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Informatika o‘qituvchilarining malakasini oshirishdan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarga nazariy bilim berishdan tashqari, dasturlash tillari bo‘yicha amaliy bilimlarni berish, zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va frilans bozoriga tayyorlashdan iborat.
Maktablarda AKTni joriy etishning muhim omillaridan biri bu ta’lim muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlashdir. Respublika bo‘yicha 16 mingga yaqin informatika fani o‘qituvchilari faoliyat yuritib kelmoqda. Ulardan 15 ming 603 nafari (97,5 foiz) oliy ma’lumotli, 394 nafar (2,5 foiz) tugallanmagan oliy ma’lumotli o‘qituvchilar hisoblanadi. 2021 yil Davlat dasturiga muvofiq informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilarining dasturlash tillari bo‘yicha malakasini oshirish (Phyton, Scratch va b.) hamda maktab direktorlarining AKT savodxonligini oshirish bo‘yicha ishlar rejalashtirilgan.
Yosh avlodning zamon talablariga mos ta’lim olishini ta’minlash maqsadida vazirlik tomonidan yangi avloda darsliklarini yaratish bo‘yicha 5-11 sinf informatika fani dasrliklari xalqaro Cambridge ta’lim dasturi va darsliklari asosida yangilandi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA