Bir guruh diniy soha xodimlari mukofotlandi
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan turli jabhalarda faol mehnat qilayotgan, o‘z sohasida olib borayotgan samarali faoliyati orqali barcha yurtdoshlarimizga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh hamyurtlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlangandi.
O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasida bir guruh taniqli ulamolar, islomshunos olimlar, tajribali imom-xatiblar, mohir mudarrislar, faol otinoyilar va diniy soha xodimlarini “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ullari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, nufuzli ulamolar, islomshunos olimlar, tajribali imom-xatiblar va diniy soha xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar 2021 yil mamlakatimizda tarixiy voqealarga boy yil bo‘layotgani, eng asosiy voqealaridan biri – O‘zbekiston o‘z mustaqil yo‘lini tanlaganiga 30 yil to‘lishi, ushbu buyuk ne’matga erishish yo‘li naqadar murakkab bo‘lgani va shunday dorilomon kunlarda yashayotganimizga shukronalar aytish, shu ma’noda, mustaqillikning qadriga yetishimiz har birimiz uchun muhim ekanini alohida ta’kidlashdi.
Mukofotlanganlar orasida diniy-ma’rifiy sohada fidokorona mehnat qilayotgan taniqli ulamolar, tajribali imom-xatiblar, jonkuyar mudarrislar va diniy soha xodimlari bor. Taqdirlanganlar safida yurtimizda faoliyat yuritayotgan boshqa din vakillarining ham borligi, mamlakatimizdagi diniy bag‘rikenglikning yorqin namunasidir.
Ushbu yuksak mukofotga sazovor bo‘lganlar mamlakatimiz ravnaqi, dinimiz rivoji, elimiz farovonligi yo‘lida yanada g‘ayrat bilan mehnat qilishga va’da berdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Shoazim Minavarov qatnashdi.
Fayzullo Yahyoyev, Oqil Gulomov (rasm), O‘zA