Bir asrning buyuk ikki dahosi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi tomonidan Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
– Intellektual o‘yin yoshlarimizning ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan ilmiy-ijodiy merosga e’tiborini yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etildi, – deydi partiyaning viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Muslima Ro‘ziyeva. – Shuningdek, Navoiyning hayoti va ijodi, ma’naviy merosining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati, ulug‘ shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho merosi va asarlaridagi komil inson g‘oyasining o‘ziga xos talqini yosh avlodni tarbiyalashda dasturilamal bo‘lmoqda. Bobokalonlarimizning asarlari mazmuni teranligi, hayotiyligi bois, asrlar o‘tsa hamki o‘z ahamiyatini yo‘qotmay, insoniyatni hayratga solib kelmoqda.

Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutining faol va tashabbuskor 14 jamaodan iborat yoshlari bir asrning ikki dahosi bo‘lgan buyuk ajdodlarimiz hayoti, ijodi bilan bog‘liq savollar yuzasidan o‘zaro bahslashdi. Har bir jarayon Hakamlar hay’ati tomonidan xolis va odilona tarzda baholab borildi. Qiziqarli tarzda kechgan o‘yin davomida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga partiyaning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

“Adabiyot va ma’rifat” haftaligi doirasida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi “Ayollar qanoti” hamda Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabi hamkorligida ikki buyuk siymolar Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash maqsadida “Nazm va navo” turkumidan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbir maktab o‘quvchilari tomonidan chizilgan ikki buyuk allomaning suratlari ular qalamiga mansub kitoblar ko‘rgazmasi hamda Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur siymolari aks ettirilgan obrazlar shuningdek, o‘quvchi-yoshlar tomonidan Navoiy va Bobur asarlariga mansub kuylar namoyishi bilan boshlandi.

Tadbirda San’at maktabi o‘quvchi hamda o‘qituvchilari tomonidan Navoiy hamda Bobur g‘azallari asosida bastalangan qo‘shiqlarning jonli ijrosi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur hayotida sodir bo‘lgan voqeylik asosida teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Tadbirda so‘z olgan partiya viloyat Kengashi raisi Maxsud Muxammedov Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari teranligi hamda badiiy yuksakligi bilan bashariyat mulkiga aylangani, ikki ulug‘ mutafakkirlarning ijod namunalari yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Maktab jamoasiga ajoyib tadbir, betakror dizayn va sahna ko‘rinishlari hamda dilrabo kuy-qo‘shiqlar, raqslar uchun minnatdorlik bildirdi. Partiya viloyat Kengashi nomidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri