Bionik protezlar o‘rnatish imkoniyati mavjud
Inson hayotida turli voqealar sodir bo‘ladi. Oramizda to‘satdan ro‘y bergan baxtsiz hodisa tufayli oyoq yoki qo‘lidan ajralgan yoxud tug‘ma imkoniyati cheklangan insonlar bor. Ularni faol hayotga qaytarish, yashashga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish chinakam insoniylik xislatlaridan.
Mustafo Mingboyev ana shu maqsadda ish olib borayotgan yosh ixtirochilardan. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnobod” texnoparki rezidentligini olgan “Mingbaevʼs Academy of Robotics” kompaniyasi O‘zbekistonda bionik protezlarni ishlab chiqarmoqda.
Bionik protezlar – qo‘l-oyoqlarning yo‘q qismlari yoki tana a’zolarining boshqa mayib qismlari o‘rnida vaqtincha yoki doimiy ishlatiladigan mexanik moslama hisoblanadi.
–Uning qulayligi shundaki, qo‘l bilan bemalol barmoqlarni harakatga keltirish, ovqatlanish va kundalik turmushdagi barcha maishiy ishlarni bajarish mumkin, – deydi Mustafo Mingboyev. – Shuningdek, hozir imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixcham va ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘lgan bionik protezlari ham tayyorlanib, qulayliklar yaratish bo‘yicha izlanishlar olib bormoqdamiz.
Protez – polietilen, xlorvinil, termoplast va boshqa materiallardan yengil, qulay va chidamli, gigiyenik talablarga javob beradigan qilib tayyorlanadi.
Ruxsora O‘rinboyeva, O‘zA