Bilim va malakalarni baholash agentligi islohotlar yo‘lida
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichi keskin ortmoqda. Bu esa bevosita test jarayonlari bilan bog‘liq. Test -sinovlaridagi o‘zgarishlar ko‘proq nimalarda namoyon bo‘lmoqda? Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi boshqarma boshlig‘i Farhod MIRZAEV bu haqda quyidagilarni so‘zlab berdi:
— O‘zbekistonimizning barcha jabhalardagi yutuqlari taraqqiyot yo‘limizning nechog‘li to‘g‘ri ekanligini isbotlamoqda. Ta’lim, fuqarolarimizning ta’lim olish huquqlari, raqobatbardosh, ulug‘ ajdodlarimizga munosib salohiyatli avlodni shakllantirish davlatimiz siyosatining asosini tashkil etadi hamda islohotlarning asosiy ob’ekti hisoblanadi.
Davlat test markazi ham butun faoliyatini aynan ushbu islohotlarni sifatli amalga oshirishga qaratib keldi. Respublikamizda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi sifatida qayta tashkil etildi.
2023 yilgacha faoliyat yuritgan Davlat test markazi so‘nggi yillarda test sinovlari shaffof va adolatli o‘tkazilishiga erishdi. Lekin bu oson kechmadi. 2018 yilga qadar oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 24 mingdan ziyod auditoriyada o‘tar va ularni nazorat qilish uchun ming bo‘lakka bo‘linishga to‘g‘ri kelardi. Ammo adolat yuzasidan aytganda, bu tarzda jonni jabborga berish bilan ham yaxshi natijalarga erishib bo‘lmasdi. Har holda jamoatchilik tomonidan bo‘layotgan e’tirozlar kamaymasdi.
Prezidentimizning 2017 yil 16 noyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu sohada tub burilish bo‘ldi, xolislik va adolatga to‘liq yo‘l ochildi, xalq roziligini ta’minlab berdi. Alohida ta’kidlash kerakki, bu yoshlarning ta’limga bo‘lgan munosabatini, qiziqishini o‘zgartirib yubordi va ijtimoiy adolatni ta’minladi.
Aynan 2018 yildan boshlab, test sinovlari odatdagidek minglab kichik auditoriyalardan katta sig‘imli, abituriyentlarni tekshirib kiritishda barmoq izi, yuzdan tanish texnik vositalari, uzluksiz kuzatuv kameralari bilan jihozlangan katta sig‘imli binolarga ko‘chdi. Nihoyat islohotlar meva bera boshladi. Natijada abituriyentlar uchun yaxshigina sharoit, imkoniyatlar yaratildi. Bu davrda abituriyentlar yurtimizning uzoq viloyat, chekka tumanlaridan bir necha martalab poytaxtga kelib hujjat topshirish o‘rniga o‘z uyidan turib xohlagan oliy ta’lim muassasasi uchun onlayn ro‘yxatdan o‘ta boshladi. Shuningdek, 5 tagacha ta’lim yo‘nalishi tanlash, test sinovlarini o‘ziga qulay bo‘lgan hududda topshirish yo‘lga qo‘yildi.
Test sinovi jarayonlari jamoatchilik uchun onlayn yoritib boriladigan, natijalar test sinovi o‘tgan kunning ertasigayoq, tanlov natijalari esa avvalgi yillardagidek 15-18 kunda emas, balki bir haftada e’lon qilinadigan bo‘ldi.
Shu bilan birga jahon tajribasidan kelib chiqib abituriyentlar test topshiriqlarini yechishda yordam tariqasida kimyoviy elementlar davriy jadvali, fizik kattaliklar va shartli belgilashlar jadvali, matematika, fizika, kimyo fanlaridan asosiy formulalar jadvali bilan ta’minlandi, tanlovda ishtirok etishda davlat granti ustuvorligini belgilash yo‘lga qo‘yildi. O‘z navbatida, qabul kvotalari ham yildan yilga oshib bordi, yangi ta’lim shakllari, ta’lim yo‘nalishlari ochildi.
Shuningdek, joriy yilda ilk bor eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlar uchun test sinovlariga surdotarjimonlar jalb etildi. Bu o‘zgarishlar va qulayliklar abituriyentlar tomonidan juda ijobiy qabul qilindi. Bularga, eng avvalo, davlatning yoshlarga g‘amxo‘rligi va bilimlilarni yuksak darajada rag‘batlantirish siyosati evaziga erishildi.
— Testdagi o‘zgarishlar yana nimalardan iborat?
— 2016 yilda Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilayotgan test sinovlari soni 15 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 50 dan ortdi.2016 yilda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun 663 ming 304 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lsa, 2022 yilda ular 1 million 146 ming 744 nafarga yetdi.
2022 yil davomida Davlat test markazi tomonidan jami 52 turdagi test sinovlari o‘tkazildi. Ularda 2 million nafardan ortiq talabgor qatnashdi.Davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul test sinovlari shu 52 ta turdagi test sinovlarining bittasi, xolos. Test sinovlarining ba’zi turlari yil davomida, ba’zilari har oyda 2 marotaba o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining uzoq Jasliq hududidan tortib, to Surxondaryoning eng chekka hududlarigacha xodimlarimiz borib test o‘tkazib kelmoqdalar.
Umumiy qilib aytganda, 2022 yil davomida yanvar oyida 6 marta, fevral oyida 5 marta, mart oyida 3 marta, aprel oyida 6 marta, may oyida 6 marta, iyun oyida 5 marta, iyul oyida 9 marta, avgust oyida 17 marta, sentyabr oyida 4 marta, oktyabr oyida 3 marta, noyabr oyida 4 marta, dekabr oyida 4 marotaba, jami 82 marotaba test sinovlari o‘tkazildi.
— Testlarning sifati haqida nimalar deya olasiz?
— O‘tkazilayotgan test sinovlarini sifatli tashkil etish uchun har bir tadbirdan oldin vazirlik, idora va mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda oylar davomida tayyorgarlik ishlari olib boriladi. Shuningdek, Davlat test markazining tegishli boshqarma va bo‘limlari xodimlari 45-50 kun mobaynida yopiq rejimda faoliyat yuritishadi. Bu davrda ularning tashqi olam bilan bog‘lanishi, oilasi bilan ko‘rishishi, telefonda gaplashishi, yopiq binoga boshqa xodimlarning kirishi qat’iy taqiqlanadi.
— Test topshiriqlari qanday ishlab chiqildi?
— Test topshiriqlariga kelsak, test topshiriqlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq abituriyentlarning mantiqiy fikrlashi, masala va misollarni bajara olish qobiliyati va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorgarligini baholaydigan umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi fanlarning o‘quv dasturlariga moslashtirilgan holda ishlab chiqiladi.
Qayd etish lozim, test topshiriq (savol)lari u tuzilgach, to‘g‘ridan to‘g‘ri amaliyotga joriy etilmaydi. Avvalo test topshiriqlari tavsilotlari ishlab chiqiladi. Tafsilotlar asosida namunaviy test topshiriqlari tayyorlanadi. Shundan so‘ng ularni bir necha bor aprobatsiya jarayonidan o‘tkazish lozim bo‘ladi. Masalan, 2022 yilda ishlab chiqilgan namunaviy test topshiriqlari fevral, mart, aprel va may oylarida Respublikaning barcha hududlarida aprobatsiyadan o‘tkazildi. Aprobatsiya jarayonida uchta bosqichning har birida 14 ta umumta’lim fanidan 5000 nafarga yaqin o‘quvchi, may oyidagi bosqichda 3 ta (matematika, fizika, kimyo) umumta’lim fanidan 1000 nafar, jami 16 ming nafar atrofida o‘quvchi ishtirok etdi. Shuningdek, maxsus fanlar (intellektual salohiyatni aniqlash) bo‘yicha aprobatsiya jarayonida mart va aprel oylarida 500 nafar atrofida o‘quvchi qatnashgan. O‘tkazilgan barcha aprobatsiya natijalari bo‘yicha testologiya va pedagogik o‘lchovlar nazariyasi asosida statistik tahlil amalga oshirildi. Statistik tahlil natijalari fan mutaxassislari tomonidan ko‘rib chiqilib, ular bergan tavsiyalar asosida test topshiriqlari yanada takomillashtirildi. Ushbu jarayonlardan o‘tgan test topshiriqlari amaliyotda foydalanish uchun joriy qilinadi.
Bu borada Davlat test markazi Buyuk Britaniyaning “Cambridge Assessment”, “British Council” va “Association of Language Testers in Europe” tashkilotlari hamda Norvich tilni o‘rgatish instituti, AQSHning “Educational Testing Service” tashkiloti va “Scantron” korporatsiyasi, Niderlandiyaning “Cito International” tashkiloti kabi ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, mazkur tashkilotlar bilan muntazam ravishda testologiya va baholash bo‘yicha tajriba almashib kelmoqda.
Shuningdek, 2020 yilda xalqaro “Central Asia Certification” tashkiloti tomonidan Davlat test markazining boshqaruv faoliyati xalqaro ISO 9001:2015 standartlar bo‘yicha talablarga mosligi tasdiqlangan va tegishli sertifikat topshirilgan.
— Chet tili bo‘yicha o‘tkazilayotgan test-sinovlari haqida so‘zlab bersangiz.
— Ma’lumki, keyingi yillarda chet tillariga bo‘lgan qiziqish, o‘rganish zamonaviy ta’lim tizimining talab va ehtiyoji sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bu zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish yo‘li bilan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, jahon sivilizatsiyasi yutuqlari, dunyo axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishlari uchun imkoniyatlar yaratish, ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarini uzluksiz o‘rganishni taqozo etdi.
bugungi kunda 15 ta chet tilidan - ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, xitoy, koreys, yapon, turk, arab, fors, urdu, pushtu, dariy, hindiy test sinovlari o‘tkazilmoqda. Ushbu sohada talabgorlarga quyidagi qulayliklar yaratildi:
— talabgorning hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayoni to‘liq avtomatlashtirildi;
— imtihon o‘tkaziladigan kunlar oldindan belgilanishi joriy etildi va talabgorga imtihon kunini mustaqil tanlash huquqi berildi;
— imtihon jarayonida baholanadigan ko‘nikmalar soni bittaga qisqartirildi, jumladan, talabgorlarning “leksika va grammatika” ko‘nikmasini alohida baholash tartibi bekor qilindi;
— malaka sertifikatini QR-kod qo‘yilgan holda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali talabgorga yuborish yo‘lga qo‘yildi;
— chet tilidan har bir daraja (B1, B2, C1) uchun alohida imtihon o‘tkazish o‘rniga ko‘p darajali (Multi-level) test tizimi joriy etildi. Ko‘p darajali test tizimida talabgor oldindan qaysi daraja bo‘yicha test topshirishini belgilamagan holda sinovlarda qatnashadi. Talabgorning malaka darajasi imtihonlar yakunlangandan so‘ng u tomonidan savollarga bergan javobiga qarab (B1, B2, C1 darajalar) aniqlanadi;
— “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga mazkur davlat xizmatini ko‘rsatishda belgilangan to‘lovning 50 foizi miqdorida chegirma berish yo‘lga qo‘yildi;
— akademik litseylarning bitiruvchilari uchun har yili chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha bepul test sinovlari tashkil etilishi joriy etildi.
Birgina 2022 yilning o‘zida 15 ta chet tili bo‘yicha 54 ming nafarga yaqin talabgorning chet tilini bilish darajasi aniqlandi.
Quvonarlisi shuki, bugun O‘zbekistonda dunyoni yangicha idrok etadigan, o‘z haq-huquqi uchun kurashadigan, o‘z taqdirini xalqi, Vatani taqdiri bilan bir bilib, faoliyat ko‘rsatayotgan yangi avlod shakllandi. Zero, milliy iftixor tuyg‘usi, vatan muhabbatini yurakdan his qilayotgan va bilimga chanqoq yoshlarimiz mamlakatimiz salohiyati, kelajagini belgilaydigan asosiy harakatlantiruvchi kuchdir.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.