Bilim, malaka va mahorat sinovi
Andijonda “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Kasblar jozibadorligini oshirish, o‘rta bo‘g‘in kadrlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, yoshlarning xorijiy kasbiy tanlovlarda ishtirokini ta’minlash hamda kasbiy bilim, iqtidor va salohiyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda 10 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha 16 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan texnikum o‘quvchilari, talabalar hamda yoshlar ishtirok etdi.


Tanlovda “Modalar texnologiyasi”, “Santexnika”, “Payvandlash”, “Quruq qurilish va suvoq ishlari”, “Sartaroshlik”, “Tibbiy-ijtimoiy g‘amxo‘rlik”, “Kompyuter grafikasi”, “Elektromontaj ishlari”, “Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish” hamda “Oshpazlik ishi” yo‘nalishlari bo‘yicha 1 ming 18 nafar ishtirokchi belgilangan shartlar asosida o‘zlarining bilim, mahorat, tajriba va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdi.


– Men tanlovning “Elektromontaj ishlari” yo‘nalishida ishtirok etib, olgan nazariy va amaliy bilimlarimni sinovdan o‘tkazdim, – deydi Asaka tumani 2- son texnikumi o‘quvchisi Ro‘zimuhammad Abdujalilov. – Albatta, tanlovda o‘z ishini yaxshi biladigan tengdoshlarimiz qatnashmoqda. Ishonamanki, ularning har biri g‘olib bo‘lishga munosib.
Tanlov jarayonida ishtirokchilarning kasbiy mahorati, ishiga ijodiy yondashuvi, topshiriqlarni bajarish sifati, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish darajasi hamda mehnat muhofazasi qoidalariga amal qilish borasidagi bilim va mahoratlari hakamlar tomonidan xolis baholab borildi.
O‘z yo‘nalishida eng yaxshi deb topilgan ishtirokchilar tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.


Tanlov tashkilotchilari tomonidan alohida taqdirlash marosimi o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar munosib rag‘batlantiriladigan bo‘ldi.
Mazkur tanlov yoshlarda kasbga muhabbat, mas’uliyat va olg‘a intilishni kuchaytirish bilan birga, mehnat bozorida raqobatga bardosh bera oladigan, yuksak salohiyatga ega mutaxassislar tayyorlash, malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari