Vatanimiz tarixidagi 21 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – xalq sayillari vaqtida, soat 12 va 14 da Samarqanddagi Sherdor madrasasida Maorif kasabalari uyushmalari hamda shahardagi maktab o‘quvchilari uchun ma’rifatparvar Hoji Muinning “Eski maktab – yangi maktab” asari namoyish etildi.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – Xorazm Respublikasi hukumatining dekretiga ko‘ra yagona oziq-ovqat solig‘i joriy qilindi. Unga ko‘ra, 10 tanob yerga ega bo‘lganlar 2 so‘m 50 tiyin, 10 tanobdan ko‘p yerga ega bo‘lganlar 3 so‘mdan ko‘p soliq to‘lagan. Tarixchi Asror Pardayevning qayd etishicha, natijada davlat xazinasiga 1920–1921 yillarda 100 million so‘m mablag‘ tushgan.
1941 yil (bundan 84 yil oldin) – temuriylar xilxonasida ish olib borayotgan olimlarning bir guruhi Amir Temurning Jome’ masjidi yonidagi Bibixonim xilxonasida ham tekshirish ishlariii boshladilar. Tarixchi Amriddin Berdimurodovning qayd etishicha, olimlar bu yerda ikkita tosh tobutni ochdilar. Ichiga jasadlar solingan ikki tosh tobutdan tashqari xilxona ichida bo‘sh turgan yana ikkita tosh tobut ham bor edi. Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tish lozimki, na xilxona devorlarida va na tosh tobutlarning qopqoqlariga hech qanday yozuvlar bitilmagan. Ichiga jasadlar solingan tosh tobutlar qandaydir maqsadlar bilan ikki marta, ya’ni 1871 yilda va 1928 yillarda ham ochilgan.
Bibixonim xilxonasidagi qabrlarni ochgan olimlar ikki qabrdan biri keksa ayolniki, biri esa yoshroq ayolniki ekanligini aniqlaganlar. Keksa ayolning suyaklari, akademik Yahyo G‘ulomovninng aniqlashicha, Bibixonimning onasinikidir. Bibixonimning bosh chanog‘i asosida antropolog-skulptor M. Gerasimov uning hujjatli qiyofasini yaratdi. Tarixchi Amriddin Berdimurodovning yozishicha, bu surat Bibixonim deganda, ko‘pchilikning tasavvurida paydo bo‘ladigan siymoning zarrasiga ham o‘xshamaydi.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – xirurg olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Shavkat Karimov tavallud topdi. U 1991–1998 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan. Shavkat Karimov Nyu-York (1995), Kaliforniya (1996) akademiyasi, Rossiya tibbiyot Fanlar akademiyasi (2001) akademigi, Gepatopankreatoduodenal xirurgiya Yevropa assotsiatsiyasi (1987), N.I. Pirogov nomidagi xirurglar assotsiatsiyasi (1996), Rossiya Gepatologlar xirurgiyasi assotsiatsiyasi (2000) a’zosi.
1963 yil (bundan 62 yil oldin) – Markaziy Qizilqumning Muruntov ruda maydoni mintakasidagi Muruntov oltin konida dastlabki sof quyma oltin (999.9 probali) olindi.
1996 yil (bundan 29 yil oldin) – Florensiya shahrida O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi “Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim” imzolandi. Mazkur bitim 1999 yilning 1 iyulidan kuchga kirdi va o‘zaro munosabatlarning huquqiy negiziga aylandi. O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida imzolangan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bunga aloqador davlatlar parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilindi. Bitim tufayli O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi va unga a’zo bo‘lgan 15 davlat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanib bormoqda.
2002 yil (bundan 23 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi hisob palatasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2012 yil (bundan 13 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro parvozlar uchun Nukus, Samarqand va Toshkent shahri aeroportlarini ochish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti negizida Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti tashkil etildi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA