Bibisora Turobovadan “Kelin salom“
Ustoz shoira Bibisora Turobovaning “Kelin salom“ sheʼriy toʻplami chop etildi. Kitob zamonaviy koʻrinishga ega boʻlib, unga shoiraning eng sara sheʼrlari kiritilgan
Ustoz shoira Bibisora Turobovaning “Kelin salom“ sheʼriy toʻplami chop etildi. Kitob zamonaviy koʻrinishga ega boʻlib, unga shoiraning eng sara sheʼrlari kiritilgan.
Tariximizda Nodirabegim – Mohlar Oyim, Jahon Otin, Zebuniso kabi xalqimiz sevgan shoiralar yashab ijod qilishgan. Yangi davrda esa Zulfiyaxonim, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Farogʻat Kamol, Qutlugʻ Beka kabi ijodkorlarimiz el muhabbatiga sazovor boʻlishdi.
Mana shu sevimli adiblar davrasida Bibisora Turobova oʻz ovozi, soʻzi, oʻz dardu armonlariga ega boʻlgan hassos ijodkorlardan biridir.
Toʻplamga asosan shoiraning bir qancha yangi sheʼrlari kiritilgan. Vatan muhabbati va sadoqati, ayol quvonchi va tashvishlari, onalik
tuygʻulari shoiraning sheʼrlarida nafis nazmiy sanʼat ila ifoda etiladi. Toʻplamni shoir Mirzo Kenjabek nashrga tayyorladi.
OSTONANGDA TURIBMAN
Eshiging och, ostonangda turibman,
Bu yolgʻon dunyoda Haq deb yuribman.
Tilamchingman, boʻsh qaytarma qoʻlimni,
Oʻzingga bur arosatli yoʻlimni.
Eshiging och, ostonangda turibman,
Bu yolgʻon dunyoda Haq deb yuribman,
Oʻzingga bur ibodatli yoʻlimni,
Joynamozda nasib qilgin oʻlimni...
Eshiging och, ostonangda turibman...
JANOZAMNI BULBUL OʻQISIN...
Oʻlsam, janozamni bulbul oʻqisin,
Kuyib oʻtgan umrim sharhini aytsin.
Bardoshim haqida ashʼor toʻqisin,
Mendan norizolar fikridan qaytsin.
Oʻlsam, janozamni bulbul oʻqisin,
Aytolmay qolganim desin Allohga.
Salovatlar aytsin toʻplab bor kuchin,
Bilmagan-bilganim desin Allohga.
Oʻlsam, olov tanim muz bilan yuving,
Toki kafanlarim ketmasin kuyib.
Yuvgach, yuragimga parcha muz qoʻying,
Boray huzuriga ozgina sovib.
Oʻlsam, kafanimni bulutdan qiling,
Yomgʻirga aylansin – yorugʻ qabrda.
Qabrimni qazsangiz, sal kengroq oling,
Gunohkor bandaga tor goʻr jabr-da.
Oʻlsam, chinor eking qabrim boshiga,
Toki soyasida qiling tilovat.
Choʻmilib yashadim koʻzim yoshiga,
Yigʻlamang, siz faqat qiling qiroat.
Kichkina yasating qabr toshimni,
Qurʼon oyatlarin yozdiring oʻyib.
Yozmang qabrtoshga umrim, yoshimni,
Men safarga ketdim chorigʻim kiyib.
Oʻlsam, oyoq tomon, oʻng tomonimga,
Toʻrt kishi sigʻarlik kursi yasating.
Sogʻinib kelsangiz, Ixlosni oʻqing,
Qabrimni gul emas, Qurʼon bezasin.
Oʻng tarafdan keling, oyoq tarafdan,
Toki koʻrsin sizni ochiq koʻzlarim.
Oʻlim haq ekanin olasiz-da tan,
Quvonay, keldi, deb, oʻgʻil-qizlarim.
Oʻlsam, yoʻqlab turing, biling, kutaman,
Chunki siz deb oʻtdim oʻzimdan kechib.
Yoʻqlamay qoʻysangiz, zardob yutaman,
Yotaman goʻrda ham koʻz yoshim ichib.
Oʻlsam, umrim sharhin nabiralarga
Yashirmay, oʻchirmay borini soʻzlang.
Intiq kutganimni ularni hamda
Yonib oʻtgan koʻnglim zorini soʻzlang.
Oʻlsam, sheʼrlarimni avaylab-asrang,
Imkonini topib, topshiring elga.
Bilaman, el oʻqir sogʻinib, sevib,
Oʻtar yozganlarim qoʻllardan-qoʻlga.
Oʻlsam, ahil boʻling, mehribon boʻling,
Imkonin topsangiz, toʻlang qarzimni.
Duosini oling men sevgan elning,
Meros qoldiraman sizga sabrimni.
Oʻlsam, janozamni bulbul oʻqisin...