Bibiona ziyoratgohi obod boʻlmoqda
Fotoreportaj
Namangan viloyati Chust tumanidagi Bibiona ziyoratgohida qurilish va obodonlashtirish ishlari yakunlanmoqda.
Jami 7,5 gektar maydonni egallagan ziyoratgohda katta bunyodkorlik ishlari olib borildi. Namozxona, tahoratxona, ramziy maqbara, milliy ayvon va esdalik buyumlari doʻkoni qurildi. Shuningdek, hududdagi uchta buloq atrofi koʻrkam holatga keltirildi. Bu ishlarning barchasiga 4 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Hozirda ziyoratgohdagi asosiy qurilish ishlari yakuniga yetmoqda.
Kelgusida ziyoratgoh hududidagi dov-daraxtlarni yana-da koʻpaytirish, yerlarga maysa sepish, qurbonlik amallari bajariladigan maxsus joy va sayyohlar uchun tamaddixona barpo etish rejalashtirilgan.
Bibiona ziyoratgohi bronza davriga oid Chust manzilgohi boʻlgan. Yodgorlik hududida qadimiy shifobaxsh buloq mavjud boʻlib, ushbu buloq “Bibiona-qayran” nomi bilan mashhur. Bibiona Chust shahridan ikki kilometr shimolda, Gʻovasoy sohilida joylashgan koʻhna tepalik, yaʼni koʻhna kent, qishloq xarobasidir. Xalq tilida “Buonamozor” nomi bilan yuritilgan.
Buonamozor manzilgohining topilishi va oʻrganilishi jarayonida Fargʻona vodiysida, shu jumladan, Namangan vohasida bundan 2800-3000-yil avval ota-bobolarimiz togʻ oldi hududlarida, soylar sohilida va buloqlar atrofida ilk bor sugʻorma dehqonchilik bilan shugʻullangani maʼlum boʻldi.
Ziyoratgoh obodonlashtirilib, bu yerga tashrif buyuruvchi ziyoratchilar, sayyohlar uchun qulay sharoit yaratilayotgani hududda turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.