Yoshlar bandligi ta’minlanib, tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda
Yoshning ishli bo‘lishi — oilasiga daromad, kasb egallashi — kelajagiga ishonch, tadbirkorlikka qo‘l urishi esa yangi imkoniyatlar sari qadamdir. Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida yoshlar bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va mustaqil daromad topishiga ko‘maklashish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Bu jarayonda har bir yoshning qiziqishi, qobiliyati va ehtiyojini inobatga olish, muammolariga manzilli yechim topish hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish muhim o‘rin tutadi.
Joriy yil boshidan buyon tumandagi 192 nafar ishsiz yosh bilan manzilli ish olib borilib, ularning 181 nafari bandligi ta’minlandi. Kimdir doimiy ishga joylashtirildi, kimdir o‘zini o‘zi band qilishga yo‘naltirildi, yana bir guruh yoshlarga esa dehqonchilik va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun imkoniyat yaratildi.

— Yoshlar bandligini ta’minlashda, avvalo, ularning muammolarini o‘rganib, har biriga mos yechim topishga harakat qilyapmiz. Jumladan, 25 nafar yosh doimiy ishga joylashtirildi, 20 nafari o‘zini o‘zi band qildi. 108 nafar yoshga dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun yer maydonlari ajratildi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi 9 nafar yosh kredit oldi, 5 nafari zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Shuningdek, 2 nafar yosh muddatli harbiy xizmatga yuborildi, 1 nafari oliy yoki professional ta’limga qabul qilindi. Yana 11 nafar yoshni kasb-hunar va zamonaviy mutaxassisliklarga o‘qitish ishlari davom etmoqda, — dedi tuman hokimining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sirojiddin Kenjayev.
Bu raqamlar ortida yoshlarning yangi hayotga qo‘yayotgan qadamlari, kelajakka bo‘lgan ishonchi va o‘z mehnati bilan daromad topishga intilishi mujassam. Zero, ishli bo‘lgan yoshning oilasiga ko‘magi ortadi, kasb egallagan yigit-qizning ertangi kunga ishonchi mustahkamlanadi. Tadbirkorlikni boshlagan yosh esa nafaqat o‘zini, balki kelgusida boshqalarni ham ish bilan ta’minlashi mumkin.

Yoshlar bandligini ta’minlashda kasb-hunar o‘rgatishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yil boshidan buyon 203 nafar yosh turli kasblarga o‘qitilib, sertifikatlarga ega bo‘ldi. Ular avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, ayollar va erkaklar sartaroshligi, buxgalteriya, elektromontyorlik, karving, kompyuter grafikasi kabi yo‘nalishlarni o‘zlashtirdi.

Bugun mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasbni egallash yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Kimdir xizmat ko‘rsatish sohasida ish boshlashi, boshqasi texnik mutaxassis sifatida faoliyat yuritishi, yana biri esa o‘z bilimi va mahorati asosida mustaqil biznesini yo‘lga qo‘yishi mumkin. Muhimi, kasb o‘rganish yoshlarga tayyor ish o‘rnini kutish emas, balki o‘z imkoniyatlarini ishga solish orqali daromad topish yo‘lini ko‘rsatadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida ham zamonaviy kasblarni egallash, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbari yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar etib tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Mirzaobod tumanida ham yoshlarning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirishi uchun moliyaviy imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, «Kelajakka qadam» dasturi doirasida 19 nafar bitiruvchiga 627 million so‘m, «Yoshlar biznes dasturi» orqali 3 nafar yoshga 2 milliard 387 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Shuningdek, 3 ta loyihani amalga oshirish uchun 300 million so‘m yo‘naltirildi. Umuman, yil boshidan buyon 183 nafar ishsiz yoshga jami 4 milliard 215 million so‘m imtiyozli kredit ajratilgan.
Albatta, tadbirkorlikka qadam qo‘yish uchun mablag‘ning o‘zi kifoya qilmaydi. Buning uchun aniq maqsad, puxta reja, mehnat va izlanish ham zarur. Ajratilgan kreditdan samarali foydalanib, o‘z ishini yo‘lga qo‘ygan yosh nafaqat shaxsiy daromadini oshiradi, balki yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham hissa qo‘shishi mumkin. Shu ma’noda, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash oilaviy farovonlik bilan birga, hudud iqtisodiy taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.

Tumanda bitiruvchilar va ishsiz yoshlar bilan ishlash ham izchil davom etmoqda. Jumladan, 1 ming 491 nafar bitiruvchi va ishsiz yosh 26 nafar mas’ul rahbarga biriktirilgan. Bugungi kunga qadar ularning 607 nafari bandligi ta’minlangan, qolgan 884 nafar yosh bilan esa manzilli ish olib borilmoqda.

Yoshlarning muammolarini eshitish va ularga amaliy yechim topish maqsadida uchrashuvlar ham tashkil etilmoqda. Joriy yilning 24-fevralidan buyon o‘tkazilgan 125 ta uchrashuvda 1 ming 748 nafar yosh ishtirok etdi. Muloqotlar davomida 225 ta muammo va taklif bildirilib, ularning 213 tasi ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha vaqt talab qiladigan 12 ta masala esa «Yo‘l xaritasi»ga kiritildi.
Murojaatlar orasida yer ajratish, imtiyozli kredit olish, doimiy ishga joylashish, noutbuk bilan ta’minlash, davolanish, ta’lim kontraktini to‘lash, ilm-fan to‘garaklariga qatnashish va kasb-hunar o‘rganish kabi masalalar bor. Bu esa yoshlar bilan ishlash faqat bandlikni ta’minlashdan iborat emasligini, ularning ta’limi, ijtimoiy ehtiyojlari va shaxsiy rivojlanishi bilan bog‘liq masalalarni ham qamrab olishini ko‘rsatadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham aholini daromadli mehnatga jalb etish, mahallalarda iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va har bir insonning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish vazifalari belgilab berildi. Bu vazifalarning hayotdagi ifodasi, avvalo, odamlarning ishli bo‘lishi, daromad topishi va o‘z kelajagiga ishonch bilan qarashida namoyon bo‘ladi.
Mirzaobodda yoshlar bilan ishlashda ham ana shu maqsad ustuvor. Yoshlarning kasb egallashi, tadbirkorlikka qadam qo‘yishi, o‘zini o‘zi band qilishi va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishi uchun sharoit yaratish orqali ularning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

— Zero, yoshlarga berilgan imkoniyat — bu faqat bugungi kunning ko‘magi emas, balki ertangi oila farovonligi, mahalla taraqqiyoti va jamiyatning iqtisodiy salohiyatiga qo‘yilgan sarmoyadir. Bugun kasb-hunar o‘rganayotgan, mehnat qilayotgan va o‘z g‘oyalarini amalga oshirishga intilayotgan har bir yoshning muvaffaqiyati kelgusida jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi, — dedi Mirzaobod tumani hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sirojiddin Kenjayev.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri