Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, jamoat tartibiga, jamoat xavfsizligiga tajovuz qiluvchi jinoyatlarga qarshi kurashish global ahamiyat kasb etmoqda. Alohida qayd etish kerakki, bezorilik umumiy jinoyatchilikning 22% ni tashkil qilib, har yili 9% ga oshib bormoqda.
Jamoat tartibi bu o‘zgalar mulkini saqlash, jamoat va davlat tashkilotlari, korxona, muassasalar bir me’yorda ishlab turishi, xavfsizlik va fuqarolarning tinchligini ta’minlashga yo‘naltirilgan odamlar o‘rtasidagi axloq va huquq normalariga asoslangan munosabatlar tartibidir.
Mazkur tartibning buzilishi tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Xususan, Jinoyat kodeksining 27-moddasida bezorilik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra, mazkur jinoyat jamoat tartibiga qarshi qaratilgan bo‘lib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar shaxsni urish-do‘pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki o‘zganing mulkiga ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud uni ancha miqdorda nobud qilish bilan bog‘liq holda sodir etiladi.
Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik deganda, normativ-huquqiy hujjatlar, odob va axloq normalari, urf-odat, an’analar bilan belgilangan jamoat tartibini (odamlararo munosabatlar, yurish-turish qoidalari, shakllangan ijtimoiy turmush tarzini) qo‘pol tarzda buzish tushuniladi.
Jamoat tartibi qo‘pol tarzda buzilishi shaxs tomonidan JK 277-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan harakatlardan birortasi sodir etilishida ifodalanadi.
Mamlakatimizda mazkur jinoyatlarga oid statistika ma’lumotlari uning «tarqalganlik» darajasini ko‘rsatadi. 2015 yilda bezorilik umumiy jinoyatchilikning 3,6 %; 2016 y. – 3,2 %; 2017 y. – 2,5 %; 2018 y. – 2,05 %; 2019 y. – 2,3 %ni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 2,5%ni tashkil etgan. Albatta mazkur ma’lumotlarda bezorilik oqibatida sodir etilgan boshqa jinoyatlar, ma’muriy huquqbuzarliklar aks ettirilmaganligini hisobga olsak, bezorilikning ko‘lami yanada ko‘proqdir.
Ta’kidlash joizki, bezorilik jinoyati bilan ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanmish mayda bezorilikni bir-biridan farqlashlari zarur.
Mayda bezorilik tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida berilgan bo‘lib, uning mazmuniga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlik jamoat joylarida uyatli so‘zlar aytish, behayo qiliqlar ko‘rsatish, fuqarolarga nisbatan haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini boshqacha tarzda buzish kabi jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslikda ifodalanadi hamda bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Qilmishni mayda bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilish uchun Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoiy oqibatlar mavjud bo‘lmasligi kerak, ya’ni, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar shaxsni urish-do‘pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki o‘zganing mulkiga ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud uni ancha miqdorda nobud qilish bilan bog‘liq holda sodir etilmagan bo‘lishi kerak. Guruh tomonidan sodir etilgan mayda bezorilikni, basharti, huquqbuzarlarning harakatida Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismi alomatlari bo‘lmasa, Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining «b» bandi bilan, ya’ni, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan qilmish sifatida kvalifikatsiya qilish mumkin emas.
Shuningdek, xavfli retsidivist (ilgari hukm qilingan jinoyatiga o‘xshash jinoyat sodir etgan, Jinoyat Kodeksida alohida ko‘rsatilgan hollarda esa, maxsus qismning boshqa moddalari bilan ham hukm qilingan shaxsning qasddan yangi jinoyat sodir etishi xavfli retsidiv jinoyat deb topiladi) tomonidan sodir etilgan mayda bezorilik ham o‘z-o‘zidan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.
Agarda mayda bezorilik harakatlari davom etib, aybdorning keyingi harakatlari shaxsni urish-do‘pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki mulkka ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud nobud qilish bilan sodir etilgan bo‘lsa, shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilmasdan, faqat jinoiy javobgarlikka tortilishi, agar og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
F.Xudoyqulov, TDYUU Jinoyat huquqi, krminologiya
va korrupsiyaga qarshi kurashish
kafedrasi dotsenti.
A.Allanova,
TDYUU Jinoyat huquqi,
krminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish
kafedrasi dotsenti.