Besh tashabbus yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus o‘quvchi-yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etish, ularning musiqa, sport, adabiyot va san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, kitobxonlik hamda sog‘lom turmush tarzini doimiy ravishda targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
bugungi kunda 10 mingdan ortiq umumta’lim maktablarida tashkil etilgan tasviriy san’at, musiqa, sport, axborot texnologiyalari, qizlarga kasb o‘rgatish yo‘nalishidagi to‘garaklar va kitobxonlik klublariga 3 million 900 ming nafar o‘quvchi qatnamoqda.
Bundan tashqari, 2 ming 108 ta maktabda havaskor yoshlar teatr-studiyalari tashkil etilib, unga 224 ming nafar o‘quvchi jalb etildi. Mazkur studiyalar uchun 16 ta, jumladan, “Sariq devni minib”, “Jaloliddin tulpori”, “Qaldirg‘och bilan mayna”, “Tilla tuyoqli ohu”, “Alpomishning bolaligi” “15 yoshli kapitan”, “Mehrobdan chayon”, “Alisherning yoshligi”, “Onamning ertaklari”, “Padarkush”, “Robot bola”, “Qisqa masallar”, “Yurt sog‘inchi” hamda “Zamonaviylik illati” kabi teatrlashtirilgan tomosha ssenariylari ishlab chiqildi.
Maktablarda sportning 10 turi – basketbol, voleybol, futbol, gandbol, yengil atletika, shaxmat, badiiy gimnastika, stol tennisi, kurash va dzyudo bo‘yicha qariyb 49 ming 200 ta sport seksiyasi tashkil etilib, seksiyalarga 1 million 200 ming nafar o‘quvchi-yoshlar qamrab olindi.
Shu bilan birga, aholini sog‘lom turmush tarziga targ‘ib qilish, darsdan tashqari vaqtlarda mahallalardagi 18-30 yoshdagi o‘quvchi-yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanishlarini tashkil etish maqsadida 352 ming nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlarga umumta’lim maktablari sport zallarida shug‘ullanishlari uchun sharoitlar yaratildi.
O‘quvchilarni zamonaviy kasblarga tayyorlash maqsadida 20 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabida robototexnika va mexatronika, dasturlash bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun 17 nomdagi ta’limiy kompyuter o‘yinlari joriy etildi. IT yo‘nalishidagi 14 ming 765 ta to‘garaklarga 510 ming nafar o‘quvchi qamrab olindi.
O‘quvchilar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida maktab kutubxonalari 3 million dona badiiy adabiyot bilan ta’minlandi. O‘quvchilarni internet tarmog‘i orqali kitob mutolaasiga qiziqtirish bo‘yicha kitob.uz sayti faoliyati tashkil etilib, ushbu portalga badiiy adabiyotlarning 5 mingdan ziyod elektron shakllari joylashtirildi. Hozirda saytdan bir kunda o‘rtacha 11-12 ming nafar o‘quvchi-yoshlar foydalanmoqda. Bundan tashqari, 100 nomdagi o‘zbek mumtoz va zamonaviy hamda jahon adabiyoti namunalarining audio kitob shakldagi variantlari yaratildi.
O‘quvchi-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, kasb-hunarga o‘rgatish va oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida umumta’lim muassasalarida “Qizlarjon”, “Orasta qizlar”, “Mohir qo‘llar” to‘garaklari tashkil etildi.
O‘quvchilar o‘rtasida turli tanlovlar, festival va musobaqalar tashkil etish orqali o‘zaro do‘stlik va hamfikrlik g‘oyalarini shakllantirish, jamoa bo‘lib ishlash qobiliyatini shakllantirish maqsadida 20 dan ortiq “5 tashabbus maktabda”, “5 tashabbus Navro‘zda”, “5 tashabbus ta’tilda” festivallari, “Sport & Dance challenge” kabi onlayn tanlovlar tashkil etildi.
Yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalash, hayotda munosib o‘rin topishlari uchun ularga puxta bilim berish, turli sohalarga qiziqtirish g‘oyat muhim o‘rin tutadi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA