«Besh tashabbus olimpiadasi»ning ikkinchi mavsumiga qo‘shimcha tanlovlar kiritildi
Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan «Besh tashabbus olimpiadasi»ning ikkinchi mavsumi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, joriy yilning aprel-iyun oylari davomida besh bosqichli Besh tashabbus olimpiadasining birinchi mavsumi doirasida madaniyat, san’at, sport, kitobxonlik, IT kabi bir qator muhim yo‘nalishlarni o‘zida qamrab olgan 14 dan ortiq tanlov va musobaqalar tashkil etilib, unda 6 milliondan ortiq yoshlar ishtirok etgan edi.

Ko‘plab yoshlarning talab va istaklarini inobatga olgan holda joriy yilning 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Prezidentimiz tashabbuslari bilan mazkur olimpiadani bir yilda ikki marotaba tashkil etilishi belgilandi.
– «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida madaniyat va san’atni targ‘ib qilishga qaratilgan «Yoshlar raqs festivali», «Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi» respublika tanlovlari, sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirishga qaratilgan voleybol, yengil atletika, stritbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, vorkaut, kurash bo‘yicha respublika sport musobaqalari, kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan «Kibersport» musobaqasi kiber futbol, jamoaviy va yakka strategik o‘yin turlari bo‘yicha respublika musobaqasi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, – dedi Yoshlar ishlari agentligi boshqarma boshlig‘i Indira Holdorova.

Shuningdek, ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan an’anaviy «Yosh kitobxon», «Quvnoqlar va zukkolar» respublika tanlovlari hamda «Zakovat» intellektual o‘yini kabi tanlovlar mahalladan boshlab tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuni alohida qayd etish lozimki Olimpiadaning ikkinchi mavsumiga yoshlarning bevosita taklif va tashabbuslari asosida milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam qilgan sportning kurash turi bo‘yicha musobaqa ham kiritildi.
Joriy yilning 10 avgustidan boshlab Besh bosqichli besh tashabbus olimpiadasining ikkinchi mavsumida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishga start berilib, bugungi kunga qadar 3,5 mln. nafardan ortiq yoshlar hamda jamoalar beshtashabbus_bot orqali ro‘yxatdan o‘tgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA