“Besh tashabbus olimpiadasi”ga yangi loyihalar kiritildi (+video)
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2024 yilgi mavsumi doirasida o‘tkaziladigan tanlov va sport musobaqalari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2024 yilgi mavsumida ishtirok etish uchun bugungi kun holatiga jami 824 ming 314 nafar o‘g‘il qizlar 5tashabbus.uz saytidan ro‘yxatdan o‘tdi.
Shundan, madaniyat va san’at yo‘nalishida 75 ming 739 nafar, sport yo‘nalishida 513 ming 229 nafar, IT yo‘nalishida 41 ming 497 nafar, kitobxonlik va intellektual o‘yinlar yo‘nalishida 162 ming 340 nafar, kasblar tanlovi yo‘nalishida 26 ming 546 nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tgan.
[gallery-16000]
Shuningdek, imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida paralimpiya musobaqalariga 4 ming 948 nafar yosh elektron ro‘yxatdan o‘tdi. Olimpiadaning bu yilgi mavsumi joriy yilning 1 martidan dekabr oyigacha bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Mahalla yoshlari o‘rtasidagi “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida madaniyat va san’at yo‘nalishida 2 ta loyiha, jumladan, yoshlar ovozi va yosh musavvirlar loyihalari, sport yo‘nalishida 12 ta sport musobaqasi tashkil etiladi. Xususan, yengil atletika, stol tennisi, vorkaut, shaxmat, shashka, armrestling, gimnastrada, stritbol, Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun katta va mini futbol, Ichki ishlar vaziri kubogi uchun voleybol va Bosh prokuror kubogi uchun kurash kabi musobaqalar bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5cNL74dHkig" title="“Besh tashabbus olimpiadasi”ga yangi loyihalar kiritildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Kitobxonlik va intellektual o‘yinlar yo‘nalishida 5 ta loyiha, xususan, “Yosh kitobxon oila”, “Mushoira”, “Yosh kitobxon”, “Zakovat” intellektual o‘yini va “Ibrat” chet tillari bo‘yicha tanlov va loyihalar o‘tkaziladi. Kasblar tanlovi yo‘nalishida novvoychilik, “Yosh quruvchi”, dizaynerlik, “Elektromontaj ustasi” va “Payvandlash ustasi” loyihalari o‘rin olgan.
Shuningdek, imkoniyati cheklangan, nogironligi bor yoshlar o‘rtasida paralimpiya musobaqalari joy olgan. O‘tgan yil bo‘lib o‘tgan olimpiada yakunlari bo‘yicha yoshlarimiz taklif va tashabbuslaridan kelib chiqib, bu yil yoshlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida qator o‘zgarishlar kiritildi.
Jumladan, olimpiada doirasidagi loyihalarning mahalla bosqichlarini o‘tkazishga, har bir loyiha uchun 4-5 kundan 10 kunga qadar vaqt berildi. Bundan tashqari yoshlarimiz orasida so‘rovnoma o‘tkazilganda aksariyat yoshlarimiz loyihalarning kechki vaqtlarda o‘tishini xohlab ovoz bergan.
Shundan kelib chiqib yoshlar yetakchisi o‘z mahallasi yoshlariga qulay vaqt (soatda)ni belgilab loyihalarni o‘tkazish imkoniyati yaratildi, shuningdek yoshlarimiz loyihalarda ishtirok etish uchun 5tashabbus.uz sayti orqali elektron platformadan loyiha o‘tayotgan kun ham kelib ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratildi.
Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA