“Besh tashabbus olimpiadasi” g‘oliblari taqdirlandi
Andijonda “Besh tashabbus olimpiadasi” ikkinchi mavsumi doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini hamda “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ya’ni mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish maqsadida mahalla yoshlaridan tuzilgan jamoalar o‘rtasida sport musobaqalari, shuningdek, “Zakovat”, “Yosh kitobxon”, “Munozara” intellektual o‘yinlari, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Mushoira” ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilishi belgilangan.
– Viloyatda “Zakovat” o‘yinining tuman, shahar bosqichlari yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nazira Ubaydullayeva. – Ularda viloyatdagi 887 ta mahalla jamoasi ishtirok etib, o‘zining bilim va intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-9762]
Andijon shahridagi “Yoshlar markazi” da o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat bosqichida tuman va shaharlarda g‘olib bo‘lgan 16 ta mahalla jamoasi ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahslashdi.
Intellektual o‘yin viloyat bosqichining yakuniy natijalariga ko‘ra, Paxtaobod tumanidagi Yuqori mahallasi jamoasi 1- o‘rinni qo‘lga kiritib, tanlovning mintaqaviy bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘rin Asaka tumanidagi Zankan, uchinchi o‘rin esa Izboskan tumanidagi Yuqori hosil mahallasi jamoalariga nasib etdi.
Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” ikkinchi mavsumi doirasida o‘tkazilgan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining viloyati bosqichi ham qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi.
Tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar ishtirokidagi tanlovning viloyat bosqichi yakuniy natijalariga ko‘ra, Asaka tumanidagi Zankan mahallasining “Zankanlik yoshlar” jamoasi 1- o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Tanlovda ikkinchi o‘rinni Andijon tumanidagi Chavkan daryo mahallasining “Yangi andijonliklar” jamoasi, uchinchi o‘rinni Jalaquduq tumanidagi Qalambek mahallasining “Korrupsiya” jamoasi egalladi.
“Zakovat” intellektual o‘yini hamda “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovi viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA