Besh tashabbus mahallalarda quloch yozmoqda
Namangan viloyati Chortoq tumanida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va tuman hokimligi hamkorligida “O‘zbekiston yoshlar forumi” doirasida “Besh muhim tashabbus mahallalarda” shiori ostida yoshlar festivali o‘tkazildi.
Festivalda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Beshta muhim tashabbus yo‘nalishlarini o‘zida qamrab olgan bir qator yirik loyihalar taqdimoti bo‘ldi.

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustaxkamlash yili” Davlat dasturi ijrosiga qaratilgan ushbu forum tuman markazidagi “Mustaqillik” ko‘chasi bo‘ylab yurish marafoni bilan boshlandi. Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi farmoni asosida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga qaratilgan marafon ishtirokchilari salomatlik uchun besh ming qadam tashladi.

"Hokim va yoshlar" uchrashuvida Chortoq tumani hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev yoshlarning turli masalalardagi murojaatlarini tingladi. "Talabaga madad" loyihasi doirasida ta’lim muassasalarida shartnoma asosida tahsil olayotgan 56 nafar talaba-yoshlarning to‘lov-kontrakt pulining 50 foizigacha bo‘lgan miqdori to‘lab berilgani haqidagi hamda “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 15 nafar o‘g‘il-qizga haydovchilik guvohnomasi uchun imtiyozli o‘qish huquqini beruvchi maxsus sertifikatlarni topshirdi.
Mini-futbol musobaqasida mahallalarda yashovchi uyushmagan yoshlardan shakllangan 10 ta jamoa g‘oliblik uchun to‘p surdi. 53-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha bellashuvlarda eng zukko va bilimdon akl-idrok sohiblari saralandi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etilgan voleybol, stol tennisi va kamondan o‘q uzish bo‘yicha musobaqalar ham qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, “Street vorkaut” (“Street workout”) musobaqasi juda qiziqarli bo‘ldi. Unda ishtirokchilar bir birini takrorlamaydigan “tryuk”lari orqali tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Tuman madaniyat markazi zalida xotin-qizlar uchun milliy va zamonaviy liboslar uyg‘unligida "Modalar namoyishi" bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘zga ko‘ringan dizayner va stilistlar ishtirok etib, o‘z uslublarida tayyorlangan turfa liboslar kolleksiyasini taqdim qildi. Forumga kelgan har bir yoshning qalbiga vatanparvarlik ruhini singdirish, “Yurt qalqoni” degan sharafli kasbga bo‘lgan mehrini oshirish maqsadida tashkil etilgan "Men Vatan himoyachisiman" shiori ostidagi turli harbiy chiqishlar va texnika, qurol-yaroqlar ko‘rgazmasi ko‘pchilikda katta taassurot uyg‘otdi.
Qo‘li gul pazandalar ishtirokida o‘tkazilgan "Osh chempionati" da masalliqlarga bor mehrini qo‘shib, o‘zining oshpazlik qobiliyatini namoyon etgan yoshlarga, ular damlagan oshdan bir cho‘qim totgan borki, "Qo‘lingiz dard ko‘rmasin, juda mazali palov bo‘libdi, – deya iliq maqtovlarni aytdi.

Yoshlar bilan yangicha ishlash tizimi doirasida ertamiz egalarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidor va salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish, o‘g‘il-qizlarda yot g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, ular o‘rtasida sport va sog‘lom turmush-tarzini targ‘ib etish, musiqa, tasviriy san’at, raqs kabi san’at turlari bo‘yicha iste’dod sohiblarini aniqlash maqsadida tashkil etilgan mazkur festival bir mahalla misolida namunaviy tarzda va yuqori saviyada o‘tkazildiki, unda Prezidentimizning Beshta muhim tashabbusi ijrosi bo‘yicha ko‘zlangan rejalarga erishildi.

"O‘zbekiston yoshlar forumi" doirasidagi "Beshta muhim tashabbus mahallalarda" shiori ostida tashkil etilgan yoshlar festivali tadbirlari yakunlariga ko‘ra, sportning 6 turi bo‘yicha musobaqalar, "Zukko kitobxon", "Kitobxon oila" tanlovlari, modalar namoyishi, osh chempionati kabi o‘nta yo‘nalishda yuqori natija ko‘rsatgan faol yoshlar munosib taqdirlandi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA