Besh tashabbus: “Mahalla ligasi” musobaqalari boshlandi
Andijon Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 30 yoshdan yuqori aholi o‘rtasidagi “Mahalla ligasi” sport musobaqalarining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib etish, yurtdoshlarimizni ommaviy sport turlariga jalb etish, muntazam sport bilan shug‘ullanishlarini yo‘lga qo‘yish, shu orqali xalqimiz salomatligini yaxshilashdir.

Mahallalar uyushmasi Andijon viloyati boshqarmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan musobaqaning ochilishida boshqarma mutasaddilari, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Mahallalar uyushmasi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhammadjon Nishonov va boshqalar “Mahalla ligasi” musobaqasining ahamiyati, aholining jismoniy faolligini oshirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishdagi o‘rni va roli haqida so‘z yuritdi.

Sportning bir necha turi bo‘yicha o‘tkazilishi belgilangan musobaqalarga viloyatning barcha mahallalari qamrab olinadi. Musobaqalar dastlab mahallalarda, so‘ngra tuman, shaharlar bosqichlari doirasida o‘tkaziladi. Tuman, shahar bosqichlari g‘oliblari esa viloyat bosqichida g‘oliblik uchun bahs olib boradi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi ushbu sport musobaqalari mahallalarda ommaviy sportni rivojlantirish, fuqarolarni muntazam jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, shu orqali ularning salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, ayniqsa, 30 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolarning jismoniy faolligini oshirish, mahallalar o‘rtasida ahillik va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.