Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 1-maktabda maktab o‘quvchilari tomonidan yoshlar bog‘ining davlatimiz rahbari tashabbusi asosida 5 yo‘lakda 5 ta tashabbus bo‘yicha tashkil etilgan to‘garaklar taqdimoti namoyish etildi. Unda Respublika va viloyat ishchi guruhi a’zolari qatnashdi.
– Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbus o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatli, –deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri M.Farmonov. –Yoshlarni bolalikdan sportga, san’atga, til o‘rganishga va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini uyg‘otish borasida olib borilayotgan bu kabi tadbirlar kelajakda o‘z samarasini beradi.

Shu kuni tashkil etilgan madaniy tadbir yoshlarda “Beshta muhim tashabbus” doirasida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish, o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda sportni ommalashtirish maqsadida o‘tkazildi.
– Bugungi tadbir avvalgilaridan farq qildi. Ushbu ijod saylida besh tashabbusning mantiqiy davomi hisoblangan va joriy yilning 26 mart kuni imzolangan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida umumta’lim maktablarida joriy etilgan “Ma’naviyat targ‘ibotchilari”ning ham o‘rni sezilmoqda. Endi biz tumanning barcha ijodkor yoshlarini aniqlab, o‘z ishimizni yanada keng tashkil etish ustida ishlamoqdamiz, – deydi tuman Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari N. Rustamov.

Tadbir davomida o‘quvchilar o‘rtasida “Yoshlar bog‘i – qaynoq ijod maskani!” mavzusida rasmlar tanlovi o‘tkazildi va yoshlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Artikova qatnashdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri